Jahon | 22:41 / 09.07.2024
6170
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi Navalniyning bevasini sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi

Moskvaning Basman rayoni sudi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnayani ekstremistik hamjamiyatdagi ishtiroki uchun sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Foto: EPP Group / flickr

«Sud tergovning iltimosnomasini qanoatlantirgan. Yu.B.Navalnayaga nisbatan RF JKning 282.1-moddasi (ekstremistik hamjamiyatda ishtirok etish) 2-qismida ko‘rsatib o‘tilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblov e’lon qilingan. Yuliya Borisovna tergov organlaridan yashirinib yuribdi, shu bois unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan», — deyiladi sud matbuot xizmati xabarida. Ushbu modda uchun 6 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Unga nisbatan RFga ekstraditsiya qilingan yoki Rossiya hududida qo‘lga olingan kundan boshlab ikki oy muddatga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Yuliya Navalnaya o‘ziga nisbatan Rossiyadagi sud tomonidan sirtdan hibsga olish to‘g‘risidagi qarorni izohladi.

«Iye, odatiy protsedura bo‘lmadimi? Avval chet el agenti deb e’lon qilish, keyin jinoiy ish qo‘zg‘ash, undan so‘ng hibsga olish? Bu haqda yozayotganingizda asosiy narsani yozish esdan chiqmasin: Vladimir Putin — qotil va harbiy jinoyatchi. Uning joyi turmada, turma bo‘lganda ham Haagadagi shinamgina, ichida televizori bor kamerada emas, o‘lchami 2 metrga 3 metr bo‘lgan, u Aleksey Navalniyni o‘ldirgan koloniya kabi qamoqxonada», — deb yozgan u.

Mavzuga oid