Sport | 13:45 / 09.07.2024
4911
5 daqiqa o‘qiladi

Yaqin o‘tmish yulduzlari, sharhlovchilar va jurnalistlar maydonda. Axbor Imomxo‘jayev xotira turniridan suratlar

2-tur o‘yinlaridan keyin finalga chiqish uchun asosiy da’vogarlar ma’lum.

8 iyul kuni Axbor Imomxo‘jayev xotirasiga bag‘ishlangan turnirning 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

Kunning dastlabki o‘yinlarida turnir autsayderi bo‘lgan «Jurnalist» jamoasi turnir favoritlaridan biri bo‘lgan O‘FA vakillaridan iborat raqibga yirik 1:12 hisobida yutqazdi. Ushbu jamoa bir kun oldingi 1-tur o‘yinlarida Axbor Imomxo‘jayevning farzandlari va nabiralaridan tuzilgan «Sulola» jamoasiga ham xuddi shu hisobda mag‘lub bo‘lgandi.

O‘FA esa birinchi turda hakamlardan tuzilgan O‘zFHM jamoasini 7:0 hisobida yenggandi va 2 turdan keyin 100 foizlik imkoniyat bilan birinchi o‘rinda bormoqda. 

Parallel ravishda kechgan O‘zPFL va O‘zFHM jamoalari o‘yinida esa kutilmaganda 0:6 hisobi qayd etildi. Chunki bir kun oldingi o‘yinda hakamlar jamoasi O‘FAga bundan ham yirik hisobda yutqazgandi. PFL vakillari esa Tong II jamoasi ustidan 1:0 hisobida ustun kelgandi.

Kun.uz sayti jurnalistlari va boshqa xodimlaridan tuzilgan jamoa esa 2-turda Tong II jamoasiga qarshi bahsda maydonga tushib, yirik hisobda g‘alaba qozondi — 8:1.

Muhammad Komilov va Muhammadsaid Ahmedov het-trik qayt etgan bo‘lsa, Yunus Qo‘shoqov hamda Azimjon Berdibekov o‘z hisobiga 1tadan gol yozdirib qo‘ydi.

Kun.uz quyidagi tarkibda harakat qildi — Normuhammad Ali Abdurahmonov, Ziyoddin Mamatjonov, Aziz Qarshiyev, Abduqodir To‘lqinov, Muhammad Komilov, Javohir Xo‘jayev, Abdusalim Abduvoxidov, Muhammadsaid Ahmedov, Azimjon Berdibekov, Asrorbek Abdunazarov, Yunus Qo‘shoqov.

Kun.uz 9 iyul kuni 3-turni O‘zFHM jamoasiga qarshi o‘tkazadi. 

2-turning markaziy uchrashuvi esa «Paxtakor» va «Sulola» klublari o‘rtasida kechdi. Axbor Imomxo‘jayev avlodlari birinchi o‘yinda yirik hisobdagi g‘alaba bilan (12:1) o‘zini turnir favoritlaridan biri sifatida namoyish etgandi. Pavel Bugalo, Murod Aliyev, Anvar Soliyev, Akmal Shorahmedov, Sobir Hodiyev, Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov va Ilhom Sharipov kabi yaqin o‘tmish yulduzlaridan iborat bo‘lgan «Paxtakor» jamoasi esa 1-turda kutilmaganda Championat.Asia bilan durang o‘ynab (3:3), faqat penaltilar seriyasidagi g‘alaba evaziga qo‘shimcha bir ochko (jami 2) olgandi. 

Bu safar esa paxtakorchilar to‘liq kuch bilan harakat qilishdi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi - 8:2.

Sport TV telekanali vakillari - Murod Rizayev, Zohid Karimov, Eldor Mustafoyev, Dilshodbek To‘xtabekov, Orif Tolipov, Zuhriddin Qilichev va Abdulla Nurmonov kabi sharhlovchilardan tuzilgan «Sharhlovchilar» jamoasi 2-turda ham yutqazdi. Birinchi turda Kun.uz jamoasiga 1:5 hisobida yutqazgan sharhlovchilar bu safar Championat. Asia saytiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. 

2 tur o‘yinlaridan keyin O‘FA va Kun.uz jamoalari yo‘qotishsiz bormoqda va to‘plar nisbatiga ko‘ra mos ravishda 1 va 2-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Shuningdek, oxirgi tur oldidan «Paxtakor» va Championat.Asia jamoalari ham finalga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega.

Turnir reglamentiga ko‘ra, jamoalar uchtadan o‘yin o‘tkazadi va umumiy reytingda 1-2 o‘rinda bo‘lgan jamoalar finalda to‘qnashadi. 3-4-o‘rinlar sohiblari 3-o‘rin uchun, 5-6-o‘rindagilar 5-o‘rin uchun, 7-8-o‘rindagilar 7-o‘rin uchun, 9-10-o‘rindagilar 9-o‘rin uchun o‘zaro kurash olib borishadi. 

2-turdan keyin turnir jadvalidagi vaziyat:

3-tur o‘yinlari:

Turnir to‘purarlari:

Mavzuga oid