Jahon | 21:49 / 10.07.2024
8887
2 daqiqa o‘qiladi

Ishga joylashmagan migrantlarning oilasiga Rossiyaga kirish taqiqlanishi mumkin

Rossiyada rasman ishga joylashmagan migrantlarning qarindoshlarini Rossiyaga kiritishni taqiqlash, ularning farzandlarini esa rus tilidan bazaviy imtihon topshirgachgina maktabga qabul qilish rejalashtirilmoqda, deb yozmoqda Baza.

Foto: vedomosti.ru

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, RF Xafsizlik kengashi Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralarga Rossiya hududiga xorijlik mehnat migrantlarining qarindoshlarini kiritmaslik masalasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan. Baza’ga ko‘ra, vaziyat bilan tanish manbalar bunday qonun loyihasi ustida allaqachon ish boshlanganini aytishgan.

Xorijiy fuqarolarning farzandlarini maktabga o‘qishga qabul qilishda rus tilini qay darajada bilishini testdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasi allaqachon Davlat dumasining quy palatasiga kiritilgan. Qonunga tushuntirish xatida yozilishicha, maktab ta’limini olish uchun o‘quvchi rus tilini bilishi shart, bu tilda erkin so‘zlasha olishi va ta’lim dasturini tushinishi lozim.

Baza’ning aniqlik kiritishicha, ayni paytda «Kadrlar» milliy loyihasining ishchi versiyasiga kiritilgan «boshqariluvchi yollash» federal loyihasi ham ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun borayotgan migrant bir qator protseduralardan o‘tishi kerak. Ular orasida tibbiy ko‘rik, daktiloskopiya va rus tilini qay darajada bilishini aniqlab beruvchi test bor. Qonun loyihasida Rossiyaga mehnat migrantlari kelayotgan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish, ularni ish beruvchilarga bog‘lab qo‘yish ham nazarda tutilmoqda. Bu holatda xorijlik fuqarolarni «yagona operator» orqali taklif qilish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid