Jamiyat | 11:32 / 10.07.2024
4866
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda boshqaruvni yo‘qotgan Nexia-3 kanalga qulab oqib ketdi

Mashina oqib ketayotganda uning ichida haydovchi va yo‘lovchi ham bo‘lgan. Hodisada hech kim tan jarohati olmagani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida boshqaruvni yo‘qotgan Nexia-3 kanalga tushib ketdi. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil kuni 8 iyul kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 11:15 larda haydovchi Nexia-3ni Oqdaryo tumani «Boshdarxon» MFY ichki yo‘lida boshqarib kelayotganda boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda mashina kanalga tushib ketgan va ancha joyga oqib borgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda mashina oqib ketayotganda uning ichida haydovchi va yo‘lovchi borligini ko‘rish mumkin.

Hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan. Nexia-3 esa qariyb yaroqsiz holga kelib qolgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Oqdaryo tumani IIB JXX YHXB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish davomida yo‘l harakati qoidalariga amal qilib avtomashinani boshqarishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Samarqand shahrida harakatlanib ketayotgan Nexia-2 mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, Siyob kanaliga tushib ketgandi.

Mavzuga oid