«U vaqt bilan jangda ustun kelolmaydi». Jorj Kluni Baydenni prezidentlik poygasidan chiqishga chaqirdi
U o‘zi bilan gaplashgan barcha demokrat senatorlar, kongressmenlar va gubernatorlar ham xuddi shunday fikrda ekanini aytgan.
Amerikalik taniqli aktyor va Demokratik partiya uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish bo‘yicha tashkilotchilardan biri Jorj Kluni AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenni saylovoldi poygasini tark etishga chaqirdi. Bu haqda u New York Times uchun kolonkasida yozgan.
Aktyor Jo Bayden o‘z siyosiy faoliyati davomida juda ko‘p kurashlarda ustun kelgani, ammo endi u «vaqt bilan jangda ustun kela olmasligi»ni qayd etgan.
Aktyor maqolasida o‘zi «bir umrga demokrat» bo‘lib qolishini aytgan va bir necha marta demokrat nomzodlar kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ishda qatnashganini eslatgan. Klunining so‘zlariga ko‘ra, u uch hafta muqaddam Jo Bayden bilan uchrashgan va bu endi 2010 yilgi Bayden va hatto 2020 yilgi Baydenga ham o‘xshamasligini anglab yetgan.
«Men Jo Baydenni yaxshi ko‘raman. Senator sifatida. Vitse-prezident va prezident sifatida. Men uni do‘stim deb hisoblaganman va unga ishonganman. Uning xarakteriga ishonganman. Uning axloqiy fazilatlariga ishonganman. So‘nggi to‘rt yillikda u o‘zi to‘qnash kelgan ko‘plab janglarda g‘alaba qildi. Ammo u ustun kela olmaydigan yagona kurash — bu vaqt bilan jangdir. Bizning hech birimiz bunga qodir emasmiz. Buni aytish dahshatli, ammo men uch hafta muqaddam xayriya yig‘ish tadbirida uchrashgan Jo Bayden 2010 yildagi Jo Bayden emas. U hatto 2020 yilgi Jo Baydenga ham o‘xshamaydi. Bu biz barchamiz [Donald Tramp bilan] debatlarda ko‘rgan odam edi», — deya yozadi Kluni.
Aktyor Demokratik partiya yetakchilari 51 million kishi ular aslida ko‘rgan narsani ko‘rmagani haqida gapirishni bas qilishi kerakligini qayd etgan. Uning hisoblashicha, demokratlar Trampning ikkinchi muddati ehtimolidan «shu qadar cho‘chib ketganki», «barcha ogohlantiruvchi belgilarni e’tiborsiz qoldirishga qaror qilishgan».
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, «barchasi yoshga bog‘liq» va boshqa gap yo‘q. U agar Demokratik partiya Jo Bayden bilan saylovga borsa, unda g‘alaba qozona olmaydi deb hisoblaydi.
«Bu faqat mening fikrim emas. Bu men yuzma-yuz gaplashgan har bir senator, Kongressning har bir a’zosi va har bir gubernatorning fikridir. Ular omma qarshisida nima deyishganidan qat’i nazar», — degan Kluni.
Kluni Demokratik partiyada prezidentlik poygasi uchun yangi nomzod topishga hali vaqt borligini ta’kidlagan.
Kolonka oxirida u Baydenni 2020 yilda demokratiyani «qutqarib qolgan» qahramon deb atagan. «U 2024 yilda yana bir bor shu ishni qilishi kerak», — deya xulosa qilgan aktyor.
Partiyaning boshqa tarafdorlari qanday pozitsiyada?
Jorj Klunining bayonoti Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi Baydenda o‘tgan oy oxiridagi muvaffaqiyatsiz debatlardan so‘ng prezidentlik poygasida qolish-qolmaslik bo‘yicha qaror qabul qilish uchun tobora kam vaqt qolayotganini aytishi ortidan yangradi. U MSNBC efirida AQSh prezidentining qayta saylanish bo‘yicha harakatlarini qanchalik qo‘llashi haqidagi savolga shunday javob qaytargan: «Prezident saylovda ishtirok etish-etmasligi bo‘yicha qarorni o‘zi qabul qiladi. Biz barchamiz uni shunday qarorni qabul qilishga chaqiramiz, chunki vaqt tugab bormoqda».
81 yoshli Baydenni saylovoldi poygasidan chiqarishga qaratilgan bosimlar Donald Tramp bilan debatlardan keyin kuchaydi, debatda u sarosimaga tushgandek ko‘ringan va bir necha marta gapidan chalg‘ib ketgandi (Bayden keyinroq ABC News uchun intervyusida buni «haddan tashqari toliqqani» bilan izohlagan va o‘sha vaqtda «o‘zini dahshatli darajada yomon his qilgani»ni aytgandi).
O‘sha debatlardan keyin Demokratik partiyaning bir qator homiylari ochiqchasiga agar Bayden poygadan chiqmasa, kampaniyani moliyalashtirishni to‘xtatishi haqida ogohlantirdi.
Ammo CBS News telekanali xabariga ko‘ra, dushanba kuni prezident Demokratik partiya homiylari bilan telefon muloqoti o‘tkazgan va ularni saylovoldi poygasida qolishi to‘g‘ri bo‘lishiga ishontirgan.
CBS manbalari Bayden debatlar mavzusini ortda qoldirib, Tramp va respublikachilarning dasturiga qarshi strategiyaga e’tibor qaratishni maqsad qilganini aytishgan.
Katta ehtimol bilan, bu yetarli bo‘lmasligi mumkin, chunki Kongressdagi olti nafar demokrat (Palataning Vashington, Texas, Arizona, Illinoys, Massachusets va Minnesotadan bo‘lgan vakillari) Baydenni poygadan bosh tortishga chaqirgan. Seshanba kuni ularga o‘rtaga ko‘p narsa tikilganini aytib, nyu jyersilik kongressmen Miki Sherrill ham qo‘shildi.
10 iyul kuni esa demokrat senatorlar orasida birinchi bo‘lib Maykl Bennet ham shu kabi chaqiriqlarga qo‘shildi.
Kolorado shtatidan saylangan senator CNN bilan suhbatda prezident Donald Trampga «katta farq bilan yutqazishi» mumkinligini aytgan, ammo u o‘z nomzodini qaytarib olishi zarurligini tilga olmagan. Bennetning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda poygadan chiqish — mamlakat kelajagiga daxldor bo‘lgan axloqiy tanlovdir.
Boshqa demokratlar esa partiya birdamligi muhimligini ta’kidlamoqda. Masalan, Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer shu kunlarda qisqacha shunday dedi: «Men Jo bilanman».
Bu vaqtda esa Jo Bayden NATOning Vashingtondagi yubiley sammitida 13 daqiqalik nutq irod etdi. AQSh prezidentining chiqishi uning Donald Tramp bilan debatidan keskin farq qildi — u aniq va kuchli gapirdi, uning nutqi ittifoqchilarni noyabrdagi saylovlarda g‘olib bo‘la olishiga ishontirishga qaratilgandek edi.
Iyul oyi boshida Amerika nashrlarida Parkinson kasalligi bo‘yicha nevrolog va mutaxassis Kevin Kannard o‘tgan yil avgustidan shu yil martiga qadar kamida sakkiz marta Oq uyga kelgani haqida xabar tarqalishi Baydenning vaziyatini yanada og‘irlashtirdi.
Shundan keyin Oq uy yana Baydenning salomatligi borasidagi xavotirlarni aritishga urinib, jurnalistlarga AQSh prezidenti Parkinson kasalligidan aziyat chekmasligi, doimiy tekshiruvlar uning asab tizimi faoliyatida muammo yo‘qligini ko‘rsatganini ma’lum qildi.
Prezident Jo Baydenning o‘zi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish qarorida qat’iy turibdi.
Viskonsin shtatida tarafdorlari bilan uchrashuv vaqtida Bayden saylovda yana g‘olib bo‘lmoqchi ekanini aytgandi.
«Men juda keksa ekanim haqidagi gaplarning barchasini ko‘ryapman», — degan Bayden. «15 million ishchi o‘rinlari yaratish uchun juda qari emasmidim? <… > Besh million amerikalik talabalar qarzini yopish uchun juda qarilik qilmaganmidim?» — deya so‘raydi u.
«Siz nima deb o‘ylaysiz, men Donald Trampni yengish uchun qarilik qilamanmi?» — degan u va olomon «yo‘q» deya javob qaytargan.
Mavzuga oid
09:02 / 20.11.2024
Qayta saylanmaslik erkinligi: Bayden Kiyevga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqda
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
05:07 / 18.11.2024
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024