Iqtisodiyot | 18:03 / 12.07.2024
5784
2 daqiqa o‘qiladi

Diniy tashkilotga svet uchun ortiqcha qarzdorlik hisoblagan HETga ish qo‘zg‘atildi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, diniy tashkilotlar kommunal xizmatlarga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘laydi. Ammo Buxoro hududiy elektr tarmoqlari Bahouddin Naqshband majmuasiga 115 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblagan. Raqobat qo‘mitasi buning uchun HETKga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.

Foto: "Buxoro hududiy elektr tarmoqlari" AJ

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov hisoblanayotganidan norozi bo‘lib, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.

Qo‘mita xabarida ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi 364-sonli qarorida diniy tashkilotlar kommunal xizmatlarga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lashi ko‘rsatilgan.

Hududiy boshqarma o‘rganishlari jarayonida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markaziga yetkazib berilgan elektr energiya uchun yuritilgan hisob-kitoblarda yuqoridagi qaror talablariga rioya qilmagan. Amalda belgilangan tariflarni oshirib qo‘llash natijasida majmuaga nisbatan 115 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblangani aniqlangan.

Shu munosabat bilan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi, deyiladi xabarda.

Raqobat qo‘mitasi so‘nggi kunlarda narxlarning asossiz oshirilishi alomatlari bo‘yicha “Maxam-Chirchiq” AJ, “Lukoyl” AJ, paxta-to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlariga nisbatan, reklama qonunchiligi buzilishi bo‘yicha Ipotekabankka nisbatan, haydovchilarga sug‘urta tovonini to‘lab bermayotgan “Inson” sug‘urta kompaniyasiga nisbatan ham ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, qo‘mita bir necha oydan beri to‘xtab qolgan lift importi masalasiga ham e’tibor qaratib, hukumatga bir qator takliflar berdi. Takliflar orasida vakolatli organ tomonidan importyor korxonalarning bekor qilingan muvofiqlik sertifatlarini istisno tariqasida tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish masalalari ham bor.

Mavzuga oid