Jahon | 23:45 / 12.07.2024
3810
2 daqiqa o‘qiladi

X ijtimoiy tarmog‘i Yevroittifoq qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilishi mumkin

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoq egasi milliarder Ilon Mask Yevrokomissiya unga kontentni senzura qilishni taklif qilgani, rad javobini olgach endi jarima bilan tahdid qilayotganini aytmoqda.

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i reklamaning shaffofligi, tadqiqotchilarga ochiq ma’lumotlar taqdim etish talablariga rioya qilmagan, shuningdek, o‘zining «verifikatsiyadan o‘tgan akkauntlar» interfeysi bilan foydalanuvchilarni chalg‘itmoqda.

Yevrokomissiyaga ko‘ra ijtimoiy tarmoqda ayrim akkauntlar o‘zini belgilab olayotgan «ko‘k galochka» «soha amaliyotiga mos emas va foydalanuvchilarni chalg‘itadi», chunki uni istalgan shaxs pulini to‘lab qo‘lga kiritishi mumkn. Natijada foydalanuvchilar profillarning asil ekanidan shubhalanishlari mumkin. Komissiyada shuningdek, «tekshirilgan akkauntlar»dan foydalanuvchilarni aldash maqsadida foydalanilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar bor.

https://x.com/elonmusk/status/1811783320839008381 

Bunga javoban ijtimoiy tarmoq egasi milliarder Ilon Mask post e’lon qilib, unda Yevropa komissiyasi X ga «noqonuniy bitim» taklif qilganini yozdi. Go‘yoki X hech kimga bildirmasdan, yozilgan postlarni senzuraga torsa, ijtimoiy tarmoq Yevrokomissiya jarimasidan qutilib qolishini va’da qilgan.

Endi X ijtimoiy tarmog‘ini umumjahon aylanmasidan 6 foiz miqdorda jarima kutib turibdi. Twitter so‘nggi marta to‘liq yillik daromadlarini e’lon qilgan 2021 yilda kompaniya 5,1 mlrd dollar ishlab topganini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid