Issiq kunda nega sovuq suv ichmaslik kerak - mutaxassis izoh berdi
Jazirama kunlarda ko‘pchilik muzdek suv ichib, chanqog‘ini bosishga urinadi. Muzlatkichda turgan meva-sabzavotlarni iste’mol qilganda, hovur pasayganday tuyuladi. Ammo yoz chillasida past haroratdagi mahsulotlar organizmni sovitishga emas, aksincha qizdirishga xizmat qilishi haqida bilarmidingiz? Xo‘sh, mutaxassisning bu boradagi xulosa va tavsiyalari qanday?
Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Akmal Rahmatullayev SSV matbuot xizmatiga shu haqda so‘zlab berdi:
— Issiq kunlarda muzdek suv va mahsulotlardan tiyilish kerak, — deydi mutaxassis. — Bu tavsiyani faqat tomoq yoki boshqa ichki a’zolarni shamollatib qo‘ymaslik uchungina bermaymiz.
Gap shundaki, yuqori haroratda tana o‘zini tabiiy sovitish xususiyatiga ega. Ayni sababdan issiqda ko‘p terlaymiz. Bunday paytda muzdek suv ichsak nima bo‘ladi? Organizm, avvalo, uni isitishga majbur bo‘lib, ikki hissa ko‘p energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish o‘rniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stress.
Xuddi shunday, muzqaymoq yoki oqsilga boy boshqa mahsulotlarni hazm qilish uchun ham organizm o‘zidan juda ko‘p issiqlik chiqarishi kerak. Buning uchun, birinchi galda, tana oshqozonga tushgan muzdek mahsulotni normal haroratgacha qizdirishi lozim.
Bu jarayon esa organizmni zo‘riqtirib, shundoq ham issiq tanada harorat oshishiga olib keladi. Oqibatda kuchli charchoq va lanjlik hissi yuzaga keladi. Bosh yoki yurak sohasida og‘riqlar paydo bo‘ladi.
Qolaversa, terlab sovuq suv ichish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi.
Muzdek suyuqlik yog‘li taomlar bilan ichilganda yog‘ning organizmga so‘rilishi qiyinlashadi. Bu ham salomatlik uchun juda xavfli.
Shuningdek, past haroratli mahsulotlar ovqat hazm qilish uchun zarur bo‘lgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-halqum yo‘lining boshqa kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
Ba’zi mahsulotlar buyraklar faoliyati buzilishiga olib kelib, peshob ajratish jarayonini tezlashtirishini ham unutmaslik kerak. Bu esa organizmda suvsizlanishni keltirib chiqaradi. Tarvuz, mango, arpabodiyon, selderey, qushqo‘nmas shular jumlasidan.
Achchiq qalampir tarkibida kapsaitsin moddasi mavjud. U tanani bir muddat qizdiradi. Ammo jazirama paytida achchiq ovqat ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin. Qolaversa, qalampir issiq paytda tanada kuchli terlashni hosil qiladi. Oqibatda organizm sezilarli miqdorda suv yo‘qotadi.
Jaziramada gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Mavzuga oid
15:25 / 21.11.2024
Hatto sport yordam bermasligi mumkin: uzoq vaqt o‘tirish yurak kasalliklari xavfini oshirishi aniqlandi
17:32 / 18.11.2024
Olimlar uyqu sifatini oshiruvchi formulani taklif qildi
16:48 / 16.11.2024
Xitoyda ayol bir sutkada olti marta plastik operatsiya qilinganidan so‘ng vafot etdi
15:46 / 14.11.2024