Jahon | 22:31 / 15.07.2024
12957
3 daqiqa o‘qiladi

“Trampning jo‘shqinligi uni qutqarib qoldi” - Sherzodxon Qudratxo‘ja

“Emotsiyalari tez siyosatchi ekani, yuzini burib qolgani Trampni qutqarib qoldi. Bunaqa vaqtda odam shok holatida bo‘ladi, u esa qo‘riqchilarga kutishni aytib, yana qo‘lini ko‘tardi. Amerikaliklarga shu kerak, prezident nima bo‘lmasin tik turyapti, qulog‘ida qon”, deydi Qudratxo‘ja. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning o‘rnida harakatlari ancha sust qariya Bayden bo‘lganida, voqeaning yakuni boshqacha kechardi.

AQShning 45-prezidenti, respublikachilardan prezidentlikka nomzod Tramp suiqasdga uchraganidan keyin tezda yana ommaga sog‘lom tarzda ko‘rinish berdi. Lekin o‘q uning qulog‘iga tegib o‘tgan. O‘q uzgan shaxs esa o‘sha zahotiyoq o‘ldirilgan.

O‘zJOKU rektori, siyosiy fanlar nomzodi Sherzod Qudratxo‘janing fikricha, Trampni uning tezkor emotsiyalari qutqarib qolgan.

“U shu qadar jo‘shqin, emotsiyalari tez siyosatchi ekani, shu sabab yuzini burib qolgani uni qutqarib qoldi. Men bo‘lgan voqeani bir necha bor qaytarib-qaytarib ko‘rdim. U o‘q otilgani bilan darhol reaksiya ko‘rsatdi va yerga yotdi. O‘tgan 20-25 sekundda u nima bo‘lganini tushunib yetdi. O‘q millimetrlarga adashgan, lekin ana shu millimetrlar Trampni g‘alaba tomon bir necha metrlarga yaqinlashtirdi. U o‘rnidan turdi. Odam shok holatida bo‘ladi, lekin qo‘riqchilarga kutishlarini aytib, yana qo‘lini ko‘tardi. Amerikaliklarga shu kerak, prezident nima bo‘lmasin tik turyapti, qulog‘ida qon. Tramp demokratlardan poygada ustun kelayotganini yana bir bor isbotladi. Balki uning o‘rnida janob Bayden bo‘lganida, o‘q unga tekkan bo‘lardi”, – deydi rektor Qudratxo‘ja.

Bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin dunyo va mahalliy siyosatchilar, xususan demokratlar ham Trampga sog‘lik tilamoqda. Raqibi Bayden ham, sobiq prezident Barak Obama ham Trampni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Bu voqea, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda fuqarolarning qurolga egalik qilish huquqi haqidagi muhokamalarni ham yana jonlantirdi.

Mavzuga oid