Iqtisodiyot | 13:41 / 16.07.2024
4062
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bir lombardni jarimaga tortdi

Regulyator xabariga ko‘ra, ular o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilmagan hamda Markaziy bankka taqdim etilgan ma’lumotlarda noaniqliklarga yo‘l qo‘ygan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning iyun oyidagi yig‘ilishlarida (7 marta) 42 ta masala ko‘rildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deya xabar bermoqda MB matbuot xizmati.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 14 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.

“Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi hamda Markaziy bankka taqdim etilgan ma’lumotlarda noaniqliklarga yo‘l qo‘yilganligi va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan tashqari, bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida ham amaldagi qonunchilik va Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangani ma’lum qilingandi.

Shuningdek, fevral oyida ham ayni talablarni bajarmagani uchun 3 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi, 6 ta bank va 1 ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirilgandi.

Mavzuga oid