Silga moyil bolalar oddiy maktab o‘quvchilariga qo‘shib yuborilmoqda. Ota-onalar xavotirda
Respublikadagi 22 ta silga moyil va skolioz bo‘lgan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar yopilib, o‘rnida umumta’lim maktablari tashkil etilishi mumkin. Kun.uz suhbatlashgan ftiziatr, ota-onalar va sanatoriylar direktorlari mas’ullarning bu boradagi rejalaridan xavotir bildirdi.
“Nima qilishni bilmayapmiz”
Silga moyil va skolioz o‘quvchilarning 22ta maxsus sanatoriy turidagi maktab-internatlariga qabul to‘xtatilgan. Ularning ota-onalari farzandi keyingi yil qayerda o‘qishini bilolmay sarson bo‘lyapti.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashaydigan Dilafruz Mikkiyevaning farzandlari Hasan va Zuhra Chinoz tumanidagi Sil va nafas olish organlari surunkali kasalliklari xavfi bo‘lgan bolalar guruhi uchun sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan 4-sonli maktab-internatida ta’lim olardi. 2024 yilning mart oyida unga farzandlarini maktabdan olishi kerakligi aytilgan. Lekin oilada sil kasali bo‘lgani va bolalarga qarashga oilaning kuchi yetmayotgani uchun ular bu maktabga muhtoj.
“Hozir nima qilishni bilmayapmiz. Maktab bolalar qabuli to‘xtatilganini aytyapti. Biz esa ularni keyingi yil qayerda o‘qitamiz?” – deydi Madina Musayeva.
Chinoz tumanidagi maktab internat vakili Iftixor Ashrafning aytishicha, maktabga qabulni davom ettirish bo‘yicha ota-onalardan murojaat kelib tushyapti.
“Ochig‘i qaysi asosga ko‘ra maktabda qabul to‘xtatilganini bilmaymiz. 2023-2024 o‘quv yilida 93 nafar bola o‘qidi. Shundan 54 nafari sog‘lomlashtirilib, maktab-internatdan chiqarildi. Hozirgi vaqtda 39 nafar o‘quvchi maktab-internati hisobida qolgan. Keyingi yil qabuli uchun ota-onalardan talab kelib tushyapti. Lekin vazirlik bunga ruxsat bermayapti”, – dedi u.
Vazirlik nega ruxsat bermayapti?
Har yili may-iyun oylaridan boshlab sanatoriy turidagi maktab internatlarga yo‘llanma asosida bolalarni ro‘yxatga olish boshlanadi. Lekin bu yil qabul tashkil etilmagan.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik tegishli hujjat asosida maktablarda tekshirish o‘tkazilgani va respublikadagi 22 ta maktab sanatoriylar umumta’lim maktablariga aylantirilishini ma’lum qildi.
Bu – sanatoriy turidagi maktab-internatlarning budjeti oshgani, ulardagi o‘quvchilarning 96 foizi “maxsus ta’lim va tibbiy yordam muhtoj emasligi” bilan izohlanmoqda.
Bosh vazir Abdulla Oripovga kiritilgan hujjatda ko‘rsatilishicha:
- skolioz kasalligi mavjud bolalar uchun 10 ta, sil va surunkali nafas yo‘llari kasalliklari xavfi mavjud bo‘lgan bolalar uchun 12 ta sanatoriy turidagi maktab-internatlarda 5120 nafar o‘quvchi tahsil oladi;
- o‘rganishlar davomida ulardan 4947 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, shulardan 4778 nafari, ya’ni 96,6 foizida tayanch harakatlanish va nafas yo‘llari tizimida og‘ir nuqsonlari mavjud emas, degan xulosaga kelingan va bu o‘quvchilar umumta’lim maktablarida ta’limni davom ettirishga tavsiya qilingan;
- tibbiy va reabilitatsiya xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha tibbiy xodimlar shtatlari asossiz ajratilgan.
“Muassasalarning sog‘lomlashtirish jarayonlariga maxsus ixtisoslikka ega tibbiy xodimlar jalb etilgan. Shu bois, bolalarni ovqatlantirish xarajatlari va pedagoglarning ish maoshiga qo‘shimcha ustamalar umumta’lim maktablariga nisbatan yuqori etib belgilangan”, – deyiladi bosh vazirga kiritilgan xatda.
Ta’kidlanishicha, bunday sanatoriy bolalari umuta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarda o‘qishini davom ettiradi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari, yetim va qarindoshlari bilan vaqtincha yashaydigan bolalar uchun kuni uzaytirilgan guruhlarda bepul ovqatlantirish xizmati saqlab qolinadi. Sanatoriylar o‘rnida tashkil etiladigan 22 ta umumta’lim maktabida inklyuziv sinflar uchun tyutorlar (yordamchi pedagog xodimlar) shtatlari bo‘ladi.
Biroq Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarni inklyuziv sinflarga yo‘naltiradigan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar (PTPK) shifokorlari tarkibiga silga moyil bolalarga ko‘rsatma beradigan ftiziatr kiritilmagan.
Sanatoriy maktab rahbarlari nima demoqda?
Joylarda sanatoriy turidagi maktab-internatlarga talab qanchalik yuqori ekanini bilish uchun Kun.uz muxbiri 22 ta maktab-internatning 10 ga yaqini rahbarlari bilan bog‘landi. Ularning aksari viloyat va tumanlarda kasallar ko‘pligi va bunday maktablarga ehtiyoj borligini ma’lum qilishdi.
O‘lmas Qorayev, Jondor tumanidagi 19-son Sil kasalligiga moyil bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriy turidagi maktab-internati direktori:
— Yiliga 2 marta qabul bo‘lar edi, lekin 2024 yil yanvar oyidan to‘xtatilgan. Maktabda 250 dan ortiq bola o‘qirdi. Ular sil kasali bilan og‘rigan oila farzandlari hisoblanadi. Buxoroda 3 ta sanatoriy turidagi maktab internati bo‘lsa, ularning hammasi yopilyapti. To‘g‘ri, 3 ta maktab bitta viloyat uchun ko‘pdir, lekin ularning hech bo‘lmasa bittasi qolishi kerak deb hisoblaymiz. Chindan ham sharoiti og‘ir oilalar bor. Masalan, maktabimizda o‘ta og‘ir sharoitdagi oila farzandlari 50 nafarcha chiqadi.
Fazliddin Sattorov, G‘ijduvon tumanidagi 2-son Sil kasalligiga moyil bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriy turidagi maktab-internati direktori:
— Bizda 275 nafar o‘quvchi qabul qilinar edi. Hozir har kuni ota-onalar kelib, qabulni ochishimizni so‘rashyapti. Qoida bo‘yicha 250 nafardan oshmasligi kerak. Menimcha ham faqat ehtiyoji borlarni qabul qilib, shu belgilab berilgan sondan oshirmay qabulni davom ettirish kerak. Maktabda o‘ta kambag‘al, qorni to‘ymaydigan, qish, yozda ust-bosh bilan to‘liq ta’minlanmaydigan bolalar o‘qiydi. G‘ijduvonda bunday maktablarga ehtiyoj bor.
Umitoy Xushvaqtova, Shahrisabz tumani 15-sonli Sil kasalligiga moyil bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriya turidagi maktab-internati direktori:
— Maktabimiz 386 o‘ringa mo‘ljallangan. Qancha o‘quvchi kelsa, yo‘llanma bilan o‘qitib kelayotgandik. Sil kasaliga moyil bo‘lganidan keyin u kasalni yuqtirmaslik uchun alohida o‘qitilishi kerak. Sil kasaliga moyil bolalarning yuqori nafas yo‘llari doimiy ravishda shamollab yuradi. Masalan, hozir shifokorlar tavsiyasi bilan 260 nafar bola davolanishga muhtoj bo‘lib turibdi. Ularning ota-onasi ham kutib turibdi, nima qilamiz endi deb. Bularning ichida ijtimoiy ahvoli og‘ir, yetim-yesir bolalar ham bo‘ladi. Ko‘plari sil bilan kontaktda bo‘lgan. Ularni maktabga qo‘shib o‘qitib bo‘lmaydi, alohida o‘qitish kerak. Agar ularga qarov yaxshi bo‘lmasa, kasalni boshqa bolalarga yuqtirishadi.
Baxtiyor Boymirzayev, Namangan shahridagi 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim skolioz bolalar sanatoriy maktab-internati direktor o‘rinbosari:
— Bizda ham qabul to‘xtatilgan. Lekin sababini aytishmayapti. 1-sinfning o‘ziga 40 ga yaqin bola ariza bergan. 2-9 sinfgacha esa 40 ga yaqin bola bor. 230 bola esa davolanyapti. Ularga xizmat qilayotgan 150 ga yaqin xodim bor. Umuman viloyat miqyosida mingga yaqin skolioz bilan og‘rigan bola bor. Ya’ni talab ko‘p. Agar bu bolalar oddiy maktabga borsa, haftada 2 marta 40 ming so‘mga massaj olishi kerak. Bizda esa bu tekinga. Agar uni olmasa, kasallik rivojlanib ketib qoladi.
Ota-onalar esa bolalari maktabda kalaka qilinadi degan fikrda. [Boshqa bolalar] chetga surib qo‘yadi. Ota-ona bolasining massajiga pul topdi ham deylik, lekin bolaga sinfdoshlari tomonidan beriladigan ruhiy zo‘riqishlar yomon ta’sir qiladi. Bolalar maktabga borishni xohlamay qoladi. Biz bir yili o‘quvchilarni 11-sinfgacha olib chiqdik, 11 nafar bitirgan boladan 10 nafari oliy ta’limga kirdi. Ya’ni bu sanatoriyada bolalarning ta’limga, keyinchalik jamiyatga moslashishi yaxshi olib boriladi. Oddiy maktablarga borsa, ular chekkaga surilib, jamiyatga foydasi tegmaydigan shaxslarga aylanadi. Ota-onasiga qaram bo‘lib qoladi.
G‘ofurjon Fattoyev, Sariosiyo tumani 66-sonli skolioz bilan kasallangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriy turidagi maktab-internati direktori:
— Bu kasallik bilan bizda 400 ga yaqin bola davolanadi. Ularning asosiy qismi 1- va 2- daraja, 3- va 4- daraja deyarli yo‘q. Viloyat bo‘yicha 3- va 4-daraja 40-50 nafar chiqishi mumkin. Lekin bunday maktablarning hammasi yopiladimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz hozircha.
Mahmud Mamatov, Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli Sil kasalligiga moyil bo‘lgan bolalar sanatoriy turidagi 70-maktab-internati direktori:
— Ota-onalarga hali bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q degan fikrni aytyapmiz. 250 o‘rinli maktabimiz bor. Bu yil 230 nafar o‘quvchi bitirdi. O‘tgan yili yana 100 nafar bola navbatda turgan edi, lekin ularni ololmadik, chunki quvvatimiz yetmaydi. Shuning uchun qo‘shimcha kelishuv qilib Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi sanatoriyaga jo‘natdik. Umuman, talab 400 ga yaqinlashadi.
Fevral oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligidagilar o‘rganib ketdi. Bolalarning o‘zi bilan bir gaplashdi, lekin hech qanaqa analizlar, rentgen, bolalarni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘lmadi. Kasallik to‘yib ovqatlanmasa yoki zax joyda bo‘lsa, yana qayta avj oladi. Ota-onalar o‘zi kasal bo‘lib turib bolasiga qaraydimi yoki o‘ziga qaraydimi? Kambag‘allik qisqarishi o‘rniga ko‘payishi mumkin.
Nodirbek Sotvoldiyev, Buloqboshi tumani 11-sonli Sil kasalligiga moyil bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriy maktab internati:
— Bunaqa maktablar bo‘lishi kerak. Bir hisobdan, bolalarni jamiyatga qo‘shish ham to‘g‘ri, lekin bu – asosan sharoiti yaxshi bo‘lmagan oilalar kasalligi. Nimjon bolalar qishda usti yupqa bo‘lib qolishi natijasida ham yomonlashib ketadi. Sanatoriyda esa bu tomonlari juda yaxshi ta’minlangan. Agar u uyiga borsa, qaysi sharoitda yotadi, qanday kiyinadi, sovqotmaydimi degan savollar bor.
Tumanning o‘zida 400 dan oshiq maktab yoshidagi sil kasali bilan kontaktda bo‘lgan oila farzandlari bor. To‘g‘ri, biz ularning hammasi qamrab ololmayapmiz. Qolgani umumta’lim maktablariga borishga majbur.
Esonboy Usmonov, Angren shahar 73-sonli skolioz bilan kasallangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan sanatoriy turidagi maktab-internati rahbari:
— Maktabimda 204 nafar bola o‘qiydi. 60 nafari bu yil chiqib ketishi kerak. Skoliozning 1, 2-darajadagilari umumta’lim maktablariga chiqish o‘qishi mumkin, lekin ular doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak. Chunki ularning 20 foizi bir yilda 3- yoki 4-darajaga aylanib ketish ehtimoli bor. Biz qarab davolasak, kasallik keyingi darajaga o‘tmaydi. Kasallikning yomon bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Davolovchi jismoniy tarbiya, ovqatlari va doimiy massajlar bilan yordam beramiz.
Ftiziatr fikri
Sirdaryo viloyatidagi Sil kasalligiga moyil bo‘lgan bolalar sanatoriy turidagi 70-maktab internati bolalar ftiziatri Umida Yusupovaning aytishicha, sil kasaliga moyil bolalarning boshqalar bilan qo‘shilib o‘qishi boshqa bolalar hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi.
“Sanatoriy turidagi maktab internatida bolalarga tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy qarab turiladi, tez-tez shamollashi oldini olish uchun muolajalar qilinadi. Bizda sil kasalligining o‘tkir, ya’ni yuqumli davridagilar o‘qimaydi. Ya’ni yuqtirish xavfi yo‘q. Lekin ularga doimiy yaxshi ovqatlanish va yaxshi qarov bo‘lmasa, kasallik o‘tkir davrga o‘tishi mumkin. Bu esa atrofdagilarga, boshqa oddiy bolalarga xavf tug‘diradi. Bizda esa o‘tkir davridan o‘tgandan keyin sog‘lomlashtiriladi. 1 yildan 3 yilgacha ularning to‘liq tuzalib ketishiga yordam beramiz. Chunki ular oddiy oila farzandlari, uyida ham yaxshi ovqatlanmaydi”, – deydi mutaxassis.
Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
17:08 / 30.10.2024
Dunyoda silga chalinish holatlari oshdi – JSST
15:42 / 28.10.2024
O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
18:09 / 24.10.2024