O‘zbekiston | 10:59 / 16.07.2024
4296
3 daqiqa o‘qiladi

Skuter va mopedlarni boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda

Yangi qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Foto: Getty images

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan holat muayyan qisqa muddat davomida qaror qabul qilinmagan taqdirda, huquqiy oqibatini keltirib chiqarmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, shuningdek maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga (ya’ni huquqbuzarga emas) 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa ishni ko‘rib chiqish tugatilishi haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinishi hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash orqali fuqarolarning qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid