O‘zbekiston | 22:45 / 17.07.2024
10721
4 daqiqa o‘qiladi

Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori imzolandi

Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qayd qilinishicha, qarorni imzolashda prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Arizona davlat universiteti (AQSh) hamda Cintana Education (AQSh) kompaniyasi o‘rtasida 2023 yil sentabr oyida imzolangan ahdlashuv memorandumi asos qilib olingan.

Ta’kidlanishicha, Amerika texnologiyalar universitetining ta’lim jarayonini tashkil etishda AQSh tomonidan Cintana Education kompaniyasi hamkor etib belgilangan.

Qaror bilan quyidagilar Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

- muhandislik, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash;

- o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;

- talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, o‘quv materiallarini samarali va puxta o‘zlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;

- ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish;

- ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish;

- ta’lim-tarbiya jarayonini talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga qaratgan holda tashkil etish.

Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari asosida amalga oshiradi.

Universitetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va talabalarni o‘qitish uchun to‘lov-kontrakt summasi Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetga abituriyentlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi Universitet tomonidan belgilangan talab va tartibga muvofiq amalga oshiriladi;

Universitet to‘liq akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqil oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.

Universitet bitiruvchilariga Arizona davlat universitetining yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarida tan olinadigan hamkor xorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi beriladi. Bunda, bitiruvchilarga berilgan diplom O‘zbekiston Respublikasida tan olinadi.

Universitetda qo‘shma ta’lim dasturlarining xorijiy universitetda o‘qish qismini bakalavriatda “3+1”, magistraturada “1+1” va boshqa shaklda, jumladan, masofaviy tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;

Universitet faoliyati ta’sischilar mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida talabalarni o‘qitishdan tushgan mablag‘lar, homiylik xayriyalari, grantlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Cintana Education kompaniyasi Universitetni tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2024-2030 yillarda 30 million AQSh dollari, 2030-2035 yillarda 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda investitsiyalarning kamida 50 foizini Universitet moddiy-texnika bazasini shakllantirishga sarflaydi.

Universitetda Arizona davlat universiteti va nufuzli reyting tashkilotlarining yuqori 200 talik ro‘yxatiga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining diplomini berishni nazarda tutuvchi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etiladi.

Mavzuga oid