Jahon | 19:38 / 17.07.2024
4824
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden prezidentlik saylovi poygasidan chiqishi mumkin bo‘lgan shartlarni aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat sog‘lig‘ida muammo borligi aniqlansa, qayta saylanish uchun kurashni to‘xtatishi mumkin.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Black Entertainment Television kompaniyasiga (CBS guruhiga kiradi) bergan intervyusida prezidentlik saylovi poygasidan chiqishi mumkin bo‘lgan shartlarni aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat sog‘lig‘ida muammo borligi aniqlansa, qayta saylanish uchun kurashni to‘xtatishi mumkin.

81 yoshli Jo Baydenning fikricha, uning ulug‘ yoshi prezidentlik uchun ustunlik berishi mumkin.

«Menimcha, qarilik keltiradigan yagona narsa bu ozgina donishmandlik. Men Qo‘shma Shtatlarni boshqarish uchun nima qilishimni bilishimni allaqachon ko‘rsatdim. Lekin hali qiladigan ishlarim ko‘p va men prezidentlik kampaniyasidan voz kechishni istamayman», dedi Bayden.

Jo Baydenning sog‘lig‘iga e’tibor uning Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debati va omma oldidagi chiqishlaridan so‘ng kuchaydi. 11 iyul kuni NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya prezidenti Vladimir Putin deb tanishtirdi. Keyin AQSh vitse-prezidenti haqida gapirar ekan, u Kamala Xarrisni emas, balki Donald Trampni tilga oldi. Bularning barchasi uning ruhiy salomatligi va noyabr oyidagi saylovda g‘alaba qozonish imkoniyatlari haqida tashvishlarni kuchaytirdi.

Mavzuga oid