Jamiyat | 21:37 / 17.07.2024
30395
3 daqiqa o‘qiladi

Chinozda keliniga shilqimlik qilgan 70 yoshli qaynota 3 sutkaga qamaldi

Ushbu voqeadan so‘ng oila ajralish yoqasiga kelib qolgan. O‘g‘il ayoli (jabrlanuvchi)ni qizlik uyiga olib borib tashlagan.

Foto: vedomosti.ru

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘z keliniga shilqimlik qilgan qaynota ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 1954 yilda tug‘ilgan M.K. 2024 yil 27 iyun kuni soat 17:30larda kelini M.N.ni ishxonasi yonidan mashinasiga mindirib, uyga olib ketayotganida unga shahvoniy shilqimlik qilgan. Qaynota kelinining sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlab, nomaqbul xatti-harakatlarni sodir qilgani aniqlangan.

Huquqbuzar sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.

O‘sha kuni kelinimni ishdan uyga olib kelayotganimda mashinani yo‘l chetida to‘xtatdim. Chang tekkanini aytib, uning qo‘lidan ushladim, so‘ngra yaxshi ko‘rishimni, bu xaqda o‘g‘limning ham xabari borligini aytdim. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman”, degan u sudda.

Erkak suddan oilaviy sharoiti og‘irligini inobatga olib, yengillik berishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi esa o‘sha kuni ishdan chiqqanida qaynotasini ko‘rganini, qaynotasi unga uyga olib borib qo‘yishini aytganini ma’lum qilgan.

Yo‘lda mashinani to‘xtatib, qo‘limdan ushladi va yaxshi ko‘rishini, agar ish joyimdan ruxsat olsam Samarqand shahriga olib borib, aylantirib kelishini aytdi. Qo‘limni tortib olib, uyga olib borib qo‘yishini aytdim. Ammo uyga kelgach holatni hech kimga aytmadim. Ertasi kuni yana ishdan chiqqan vaqtimda qaynotam kutib turganini ko‘rdim. So‘ngra uyga kelib, bu holatni turmush o‘rtog‘imga aytdim. Biroq turmush o‘rtog‘im gapimga ishonmadi”, degan kelin.

So‘ngra u holatni qaynopasiga aytgan va uning telefonidan qaynotasiga qo‘ng‘iroq qilib, bir kun oldingi voqeani so‘ragan. Shunda qaynotasi unga yana shilqimlik qilgan. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘i uni qizlik uyiga olib kelib qo‘ygan.

Kelinga ko‘ra, hozirda u turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamayapti. Uning oilasi qaynotasi bilan bo‘lib o‘tgan holat sabab ajralish yoqasiga kelib qolgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudining 2024 yil 16 iyuldagi qarori bilan M.K. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida (shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. Unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid