O‘zbekiston | 21:16 / 17.07.2024
8169
6 daqiqa o‘qiladi

Korzinka reklama bo‘yicha qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan deb topildi 

Raqobat qo‘mitasi Korzinka supermarketlar tarmog‘i joylashtirgan reklama bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borayotgandi. Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya tomonidan Korzinkaʼga moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov bu reklama kampaniyasi emas, balki yangi narx siyosati ekanini ma’lum qildi. 

Foto: Korzinka

Avvalroq, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat qo‘mitasi tomonidan Korzinka supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MChJ)ga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingandi

Bunga Korzinka supermarketlar tarmog‘i tomonidan «eng arzon narx» deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlar boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi sabab bo‘lgandi. 

Qo‘mita Korzinka tomonidan tarqatilayotgan reklama axborotida “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx – Korzinkaʼda”, “Eng unumlisiga keling!” degan iste’molchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan jumlalardan foydalanilgan, deya ma’lum qilgandi. 

Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus komissiyasi tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda Korzinka supermarketlar tarmog‘i brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Anglesey Food” MChJ XK aybdor deb topilib, unga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilingan. 

“Shuningdek, unga ushbu reklama bo‘yicha qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlarni bir oylik muddatda bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. 

Vakolatli organning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon sudga murojaat qilish huquqiga ega. Barcha tadbirkorlik sub’yekti vakillarini mamlakat iqtisodiyoti va aholining bandligini ta’minlashdagi hissalarini qadrlagan holda, mamlakatimizda mavjud amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan qonuniy faoliyat olib borishlarini va jamiyatimizda demokratik qonuniy muhit shakllanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi rasmiy xabarda. 

Korzinka nima deydi? 

Raqobat qo‘mitasi Korzinka supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgach, kompaniya asoschisi Zafar Hoshimov Telegram-kanalida “eng arzon narx” reklamasiga izoh berdi

Hoshimov bu reklama kampaniyasi emas, bu Korzinka tarmog‘ining yangi narx siyosati, deya ma’lum qildi. Uning tushuntirishicha, dastur endilikda doimiy ravishda amal qiladi.  

“Reklama qilib korxonalar o‘zlariga ko‘proq daromad keltiradigan mahsulotlarini olishni tashviqot qilsa, biz bu dastur bilan, aksincha, xaridorlarimiz eng ko‘p tanlayotgan mahsulotlar uchun o‘z ustamamizni ko‘ngilli ravishda pasaytiryapmiz.  

Yangi narx siyosati doirasida mehmonlarimizga kundalik xaridlar ro‘yxatiga rostmana eng xaridorgir to‘rt yuzga yaqin (hozircha ulardan yuzga yaqin mahsulot joriy qilingan) tovarlarni tanladik (shuning uchun ham dasturimiz "Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar" deb nomlanadi) va ushbu tovarlarni bozorlar va boshqa chakana savdo korxonalaridan arzonroq narxlarda sotish majburiyatini o‘z zimmamizga oldik”, - deyiladi Zafar Hoshimovning munosabatida.  

U yangi narx-navo siyosati bozorlar va savdo korxonalarida narxlarni muntazam monitoring qilish hamda chakana narxlarni dinamik ravishda moslashtirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim orqali ta’minlanayotganini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, dasturga kiritilgan ayrim tovarlarning narxi bozor va boshqa savdo nuqtalaridagi narxlar bilan teng kelib qolishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Agar bu mahsulotlar raqobatchilar tomonidan vaqti va assortimenti bo‘yicha cheklangan aksiyalar doirasida sotilsa yoki bozorlardagi savdogarlar kabi mono mahsulot, kechki bozor, ko‘tara savdo asnosida amalga oshirilgan bo‘lsa. Biroq bizning narx taklifimiz shuni anglatadiki, chakana savdoda hech kim biz kabi kundalik tovarlar uchun to‘la qamrovli, izchil, nomuvaqqat va har tomonlama narx ustunligiga ega taklifni bu kungacha bermagan. Bu bizning mijozlarimiz ko‘plab alohida savdo do‘konlarida va bozorlarda individual arzon narxlarni ovlab yurmasliklari va bizdan barcha xaridlarini yanada qulayroq va eng muhimi, hamyonbop bo‘lishi uchun qo‘yilgan qadam”, - deydi Hoshimov.  

Korzinka asoschisi  bu dastur bizning kashfiyotimiz emas, deya ta’kidlagan. Bunday dasturlar butun dunyoda zamonaviy chakana savdo va supermarketlar rivojlanishi davrida amalga oshirib kelingan.  

“Everyday Low Prices (EDLP) deb nomlangan dastur birinchi bor 1974 yilda Amerikada Walmart tomonidan taqdim etilgan. EDLP Walmartʼda shu kungacha amal qilib kelmoqda. Keyinchalik shunga o‘xshash narx siyosatlari butun dunyo bo‘ylab turli tarmoqlarga keng tarqaldi. Endilikda bunday sharoit mamlakatimizda ham amalga oshgani bilan biz bir-birimizni aslida tabriklasak arziydi”, - deb yozdi tadbirkor.

Mavzuga oid