Jahon | 14:34 / 17.07.2024
51860
15 daqiqa o‘qiladi

Xarobalar orasidagi “saroy” – hindistonlik boy qariyb 200 metr balandlikdagi shaxsiy uyni qurish uchun qancha pul sarflagandi?

Shu kunlarda dunyodagi barcha OAV hindistonlik milliarder Mukesh Ambani o‘g‘lining nikoh to‘yiga qancha sarflagani haqida yozishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra milliarder o‘g‘lining unashtiruv marosimi va nikoh to‘yiga 600 mln dollar sarflagan. Mukesh Ambani nafaqat Hindistonning, balki Osiyoning eng boy odami hisoblanadi. U bundan ancha yillar avval Mumbayda oilasi bilan yashash uchun qariyb 200 metrlik “osmono‘par saroy” qurdirgandi.

Foto: Getty Images

2024 yil 12-15 iyul kunlari Hindistonda “Asr to‘yi” deb nomlangan to‘y marosimlari bo‘lib o‘tdi. Taniqli hind milliarderi Mukesh Ambani kenja o‘g‘li 29 yoshli Anant Ambanini uylantirdi.

Kelin Radika Merchant 1994 yilda tug‘ilgan. Ayrim manbalarda Anant Ambani va Radika Merchantning bolalikdan tanishligi, boshqalarida juftlik 2017 yilda tanishgani haqida yozilgan.

Ambanilar oilasi Reliance Industries Limited kompaniyasiga egalik qiladi. Uning biznesi neftni qayta ishlash, chakana savdo, telekommunikatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va raqamli platforma xizmatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi.

Ayni paytda Forbes Mukesh Ambanining boyligini 123,7 mlrd dollarga baholagan va dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 11-o‘ringa joylashgan.

Radikaning ota-onasi Viren va Sheyla Merchant ham taniqli tadbirkorlar bo‘lib, milliarderlar hisoblanishadi. Ular dunyo miqyosida tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqaruvchi Encore Healthcare kompaniyasiga egalik qilishadi.

Foto: alamy.com

To‘y marosimi Ambanilarga tegishli Mumbaydagi 27 qavatli “Antiliya” deb nomlanuvchi osmono‘par bino-majmuada bo‘lib o‘tdi.

Bundan 24 yil avval foydalanishga topshirilgan mazkur bino hozirgi kunda dunyodagi eng qimmat shaxsiy uy bo‘lib turibdi.

Antiliya”ning qurilishi tarixi

2000-yillar o‘rtalarida milliarder Mukesh Ambanining xotini Nita Ambani Nyu-Yorkdagi Mandarin Oriental mehmonxonasida dam oladi. Bu mehmonxona binosi, uning jihozlanishi milliarderning xotiniga juda yoqib qoladi.

Shundan so‘ng ayol eriga Mumbayda Nyu-Yorkdagi mehmonxona kabi ko‘rinishda ta’mirlangan va jihozlangan shaxsiy uy qurish taklifini bildiradi.

Milliarder Mumbayning asosan boylar yashaydigan Cumballa Hill deb nomlangan hududidan 4 532 metr kvadrat yer sotib oladi. Bu kvartalda 1 metr kvadrat yerning narxi 10 ming AQSh dollariga narxlanadi. Shundan kelib chiqib Ambani 45 sotix yerni sotib olish uchun ancha pul sarflagan deb taxmin qilinadi.

Shundan so‘ng Mukesh Ambani bosh ofisi AQShning Chikago shahrida joylashgan Perkins & Will kompaniyasiga buyurtma berib, bino loyihasini tayyorlatadi.

Foto: cnngo.com

2006 yilda Leighton Holdings qurilish kompaniyasi “Antiliya” qurilishini boshlaydi. Keyinchalik qurilishni boshqa kompaniya tugatadi. Binoning nomi Atlantika okeanidagi afsonaviy Antiliya oroli nomidan olingan.

Bino qurilishi 2010 yilda bitkaziladi. “Antiliya” 27 qavatdan iborat, biroq uning balandligi 173 metrni (60 qavatli osmono‘par bino balandligiga teng) tashkil etadi. Shiftlar baland bo‘lgani hisobidan binoning balandligi shu ko‘rinishga kelgan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra bino qurib bitkazilgan 2010 yilda Mukesh Ambani qariyb 30 mlrd dollar boylik bilan jahon boylari ro‘yxatida 4-o‘rinda bo‘lgan.

“Antiliya” Rixter shkalasi bo‘yicha 8 balli zilzilaga bardoshli qilib loyihalashtirilgan va qurilgan. Binoda milliarder Mukesh Ambani oilasi – xotini, bolalari va onasi bilan birga yashaydi.

Ambanilarning hashamatli uyini shaxsiy qo‘riqchilar bilan birga politsiya xodimlari ham qo‘riqlaydi.
Foto: India Today

Antiliya”da nimalar bor?

Hind milliaderining uyida quyidagi qulayliklar bor:

  • 9 ta zamonaviy lift;
  • Dastlabki oltita qavatda jami 160 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargohlar;
  • Yettinchi qavatda shaxsiy avtoservis; (Mukesh Ambanining oilasi juda ko‘p avtomobilga ega va ularga faqat osmono‘par binoda joylashgan avtoservisda texnik xizmat ko‘rsatiladi);
  • Sakkizinchi qavatda 50 kishilik hashamatli kinoteatr;
  • Bir nechta qavatda spa-salon, cho‘milish uchun hovuzlar, bog‘lar (To‘qqizinchi qavatdan boshlab);
  • Sport maydonchalari va zallari (Bir nechta qavatda);
  • Turli bal va boshqa ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladigan zallar;
  • Mehmonlar uchun yotoqxonalar, dam olish xonalari (Tepa qavatlarda);
  • Vertolyotlar qo‘nishi uchun maydoncha;
  • Parvozlarni boshqarish markazi.

Balandligi 173 metr bo‘lgan “Antiliya” hashamatli qasrdan ko‘ra osmono‘par binoga o‘xshaydi. Uning maydoni esa 37 ming metr kvadratga yaqin. Bino qurilishi milliarderga 50-70 million dollarga tushgan. Ayni paytda mazkur hashamatli uy 2 mlrd dollargacha baholanmoqda.

Binoda umumiy hisobda 600 nafar xodim xizmat qiladi. Ular orasida qo‘riqlash xizmati, bog‘bon, oshpaz va boshqa xodimlar bilan birga oila a’zolariga xizmat qiluvchi shaxsiy xizmatchilargacha bor.

Ambanilar oilasi eng tepadagi qavatlarda yashaydi va u yerga xos xizmatkorlardan boshqa hech kim kira olmaydi.

“Antiliya”ning yuqori qavatlaridan Hind okeanidagi Arab dengizi manzaralari ko‘rinib turadi. Mukesh Ambani “Antiliya”da tez-tez mehmondorchilik uyushtirib turadi.

Milliarder sha’niga tanqidlar

Mumbayda o‘ta hashamatli va shaxsiy osmono‘par uy paydo bo‘lgach Hindiston OAVda Mukey Ambani sha’niga ko‘p marta tanqidlar yog‘dirilgan.

Nafaqat Hindistonda, balki Mumbayda ham aholining aksar qismi xaroba kulbalarda qashshoq holda yashaydi. Masalan, Mumbay aholisining 60 foizidan oshiqrog‘i xaroba kulbalarda kun kechiradi.

Jumladan, shaharning birgina Dxaravi mavzesida 1 mln nafardan oshiq qashshoq aholi istiqomat qiladi. Ana shunday sharoitda Mukesh Ambanining o‘ziga osmono‘par “saroy” tiklashi juda ko‘pchilik tomonidan salbiy tarzda kutib olingan.

Mumbaydagi kambag‘allar yashovchi kvartal
Foto: alamy.com

Hindistondagi gazetalardan birining jurnalisti o‘z maqolasida mahobatli binoni “xudbinlik timsoli” deb atagan. Boshqa bir gazeta muharriri Ambani haddan tashqari dabdababoz deb yozadi.

Ambanilarning to‘yi munosabati bilan Mumbay politsiyasi 3 kun davomida shaharda transport harakatini cheklab qo‘ygan va yuqori martabali amaldorlar kelishi sababli to‘yni “ommaviy tadbir” deya tavsiflagan. Bu ham shahar aholisi va hind jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Aka-uka o‘rtasidagi nizolar

Mukesh Ambaniga boyliklar otasi Dhirubhay Ambanidan qolgan. Bugun Mukesh egalik qilayotgan Reliance Industries kompaniyasini 1966 yilda aynan Dhirubhay Ambani tashkil etgandi.

2002 yilda Dhirubhay Ambani vafot etadi. U tashkil etgan kompaniya va bir necha o‘n milliard dollar pullar Mukesh Ambani va Anil Ambaniga qoladi. Mukesh kompaniya prezidenti, Anil esa vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Ko‘p o‘tmay aka-uka o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqa boshlaydi. Bunga Anilning Mukeshni kompaniya boshqaruvini to‘liq o‘z izmiga olishga urinayotganlikda ayblashi sabab bo‘ladi.

Anil hatto Reliance Industries kompaniyasi direktorlar kengashiga ochiq xat yozib, akasining boshqaruvi bo‘yicha e’tirozlarini ma’lum qiladi. Oxir-oqibat, 2005 yilda aka-ukalarning onasi kompaniyani bo‘lib olishni taklif qiladi.

Mukesh va Anil Ambani
Foto: dnaindia.com

Bo‘linishdan keyin Anilga energetika, telekommunikatsiya va ko‘ngilochar loyihalar tegadi. Qolganini Mukesh boshqara boshlaydi. Reliance Industries kompaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Mukeshga o‘tadi.

Anil Reliance Anil Dhirubhai Ambani Group kompaniyasini tashkil etadi. Biroq aka-uka o‘rtasidagi mojaro davom etaveradi. Anil o‘ziga kam haq tekkan deb hisoblardi.

O‘shandan buyon Mukesh va Anil bir necha marta bir-birini ayblab chiqdi, o‘zaro sudlashdi. Bu mojaro hanuzgacha davom etib kelmoqda.

2019 yilda Mukesh yuritayotgan keskin raqobat tufayli Anil bankrotlik holatiga kelib qoladi va unga qamalish xavf soladi. Shunda Mukesh ukasining joniga ora kiradi va uning kompaniyasini bankrotlikdan, o‘zini qamoqdan qutqarib qoladi.

Biroq Anil baribir akasini kechirmaydi. Chunki o‘shanda u bankrotlikdan qutulib qolish uchun telekommunikatsiya sohasidagi kompaniyasini akasiga “arzimagan” 3 mlrd dollarga sotishga majbur bo‘ladi.

Sal avval o‘sha kompaniya 30 mlrd dollar atrofida baholanar, uka kasodga uchragach aka uning kompaniyasini 10 barobar arzonga sotib olgandi. Shundan so‘ng Anil avvalgi mavqeini yo‘qotadi.

Bugun Mukesh Ambanining uch nafar farzandi Reliance Industries kompaniyasi direktorlar kengashiga a’zo hisoblanadi. Qizi Isha kompaniyaning savdo va moliyaviy bo‘limini boshqaradi.

To‘ng‘ich o‘g‘li Akash Hindistondagi yirik telekommunikatsiya tarmog‘i Reliance Jio Infocomm Limited kompaniyasini, kichik o‘g‘li Anant esa energetika kompaniyasini boshqaradi.

Ambanilar oilasi. Foto: Getty Images

Amaldagi va sobiq davlat rahbarlari taklif etilgan to‘y

Anant Ambani va Radika Merchantning to‘yiga kelsak, unga tashrif buyuradigan mehmonlar ro‘yxatidan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, mudofaa vaziri Rajnat Singx, muxolifat partiya – «Hindiston milliy kongressi» yetakchilaridan biri Soniya Gandi, parlament a’zolari va bir qator shtatlarining bosh vazirlari o‘rin olgan.

Bayramga taklif etilgan siyosatchilar ro‘yxatida AQShning sobiq davlat kotiblari Hillari Klinton va Jon Kerri, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirlari Boris Jonson va Toni Bler, Kanada sobiq bosh vaziri Stiven Xarper ham bor edi.

Shuningdek, to‘y marosimiga Bollivud yulduzlari Shohrux Xon, Salmon Xon, Amitabx Bachchan, Dipika Padukone, Ranbir Kapur va boshqalar taklif etilgan.

Ambanilar mehmonlarni tashish uchun uchta Falcon 2000 samolyotini ijaraga olgan. Tadbirda jami 100 dan ortiq xususiy samolyotlardan foydalanilgan.

Indian Express sharhlovchisi Leher Kalaning ta’kidlashicha, Ambanilar mamlakatda bu darajadagi hashamat va boylikni ochiqcha namoyish qila oladigan yagona oila. Hindistonda boshqa hech kim bunday kuch va ijtimoiy kapitalga ega emas.

To‘ydan avvalgi unashtiruv marosimida Mark Tsukerberg ham mehmon sifatida qatnashdi
Foto: hellomagazine.com

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, to‘yda xonandalar Adel, Lana Del Rey hamda reper Dreyk yakkaxon konsert bergan. Puerto-rikolik qo‘shiqchi Luis Fonsi va nigeriyalik reper Rema o‘zlarining xit qo‘shiqlari - Despacito va Calm Down’ni kuylagan.

To‘yga, shuningdek, nufuzli biznes vakillari – Bill Geyts, Google bosh direktori Sundar Pichai, Saudi Aramco milliy neft kompaniyasi rahbari Amin Nosir ham taklif etilgandi.

Bundan tashqari, mehmonlar ro‘yxatida aktrisa Priyanka Chopra, uning turmush o‘rtog‘i Nik Jonas, aktyorlar Jon Sena, Jan-Klod Van Dam, Devid va Viktoriya Bekxem, boks afsonasi Mayk Tayson kabilarning ism-shariflari bo‘lgan.

To‘yga qancha pul sarflandi?

Daily Mail gazetasining hisob-kitoblariga ko‘ra, uch kunlik to‘y Ambanilarga 320 mln dollarga tushadi. Besh oy avval o‘tkazilgan unashtiruv tantanalarini hisobga olib, The Guardian umumiy xarajatlarni taxminan 600 mln dollarga baholagan. Bu Ambanilar oilasi boyligining 0,5 foizini tashkil etadi.

Ambanilar mashhur yulduzlarni Hindistonga olib kelish uchun katta pul sarflagan. Masalan, mart oyida o‘tkazilgan marosimdagi ishtiroki uchun Riannaga 6 mln dollar to‘langan. Jastin Biberga jonli ijrodagi qo‘shiqlari uchun esa 10 mln dollar xizmat haqi va’da qilingan.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va uning rafiqasi Cheri mart oyida o‘tkazilgan unashtiruv marosimda
Foto: usatoday.com

Har bir to‘y mehmoniga kumush sharli haykalcha, qo‘lda ishlangan ro‘mol va sovg‘alar solingan bezakli quti ko‘rinishidagi qimmatbaho taklifnoma yuborilgan. Bitta taklifnomaning narxi 10 ming dollarni tashkil qiladi.

CNN’ning yozishicha, Ambanilarning to‘yi mamlakatda hind to‘ylari uchun yangi standart o‘rnatgan va to‘y xizmatlari narxining keskin qimmatlashiga sabab bo‘lgan.

Boy va xarob Hindiston

Hindiston bugun bir tomondan tez rivojlanayotgan va milliarder boylar ko‘payib borayotgan, ikkinchi tomondan kambag‘allik va qashshoqlik hukm surayotgan davlat sifatida gavdalanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Hindistonda qariyb bir mlrd odam kambag‘allikda, shundan 300 million aholi o‘ta qashshoqlikda, yana shuncha aholi elektr energiyasi ta’minotisiz yashaydi.

Hindistondagi yirik shaharlardan birining chetida joylashgan kambag‘allar kvartali
Foto: alamy.com

Mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi, 800 mln odam yomon sanitar sharoitda, 100 mln odam toza ichimlik ta’minotisiz umr kechiradi. Mamlakatning yarim aholisi kuniga 1 dollar daromad bilan yashamoqda.

Hindistonda har kun 3 ming bola ochlikdan halok bo‘ladi. Hukumat qashshoqlar uchun bug‘doy va boshqa oziq-ovqat ekinlari yoki mahsulotlarini arzonlashtirilgan holda yetkazib berishni joriy qilgan. Biroq korrupsiya avj olgani uchun ular qashshoqlargacha yetib bormaydi.

Boshqa tomondan mamlakat dunyodagi 100 ta boy davlatning biri hisoblanadi. Dollardagi millionerlar soni bo‘yicha faqat AQSh va Xitoydan so‘ng uchinchi o‘rinni egallaydi.

2023 yilda Hindiston yalpi ichki mahsulot hajmi 3 trillion 572 milliard bo‘lgan va u dunyo davlatlari orasida AQSh, Xitoy, Germaniya va Yaponiyadan so‘ng 5-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakat YaIM hajmi o‘sishi 7 foizdan oshmoqda. Bu zo‘r natija hisoblanadi. Biroq aholi soni juda tez o‘sayotgani sababli bu qashshoq xalqning hayotida uncha bilinmayapti.

Hashamatli qurilgan va jihozlangan "Antiliya"
Foto: 2oceansvibe.com

Turli mutaxassislar Hindistondagi muammolarga, aholining turmush darajasi pastligiga korrupsiya keng avj olgani sabab bo‘layotganini aytishadi.

Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida muammolar ko‘pligi, ularga yetarlicha e’tibor berilmasligi, mentalitet hamda boshqa omillar mamlakat rivojini ortga tortayotgan sabablar sifatida ko‘riladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid