Jahon | 23:03 / 18.07.2024
16919
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda sayyohlar uchun eng xavfli 10 ta shahar e’lon qilindi

Venesuela, Pokiston va Myanma shaharlari xalqaro sayohatchilar uchun eng xavfli yo‘nalishlar deb topildi.

Karakas / Foto: Getty Images

2024 yilda sayyohlar uchun dunyodagi eng xavfli shaharlar aniqlandi. Forbes Advisor reytingiga ko‘ra, Venesuela, Pokiston va Myanma shaharlari xalqaro sayohatchilar uchun eng xavfli yo‘nalishlar deb topildi.

Tadqiqotda sayohat xavfsizligi reytingini ishlab chiqish uchun quyidagi omillar hisobga olingan: jinoyatchilik, shaxsiy xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, tabiiy ofatlar va raqamli xavfsizlik. Shaharlar sayyohlar uchun umumiy xavfni ko‘rsatish maqsadida 100 balli shkala bo‘yicha baholangan.

Tadqiqotga ko‘ra, sayohatchilar uchun eng xavfli shahar Venesuela poytaxti Karakas hisoblanadi. Bu xavflilik darajasi bo‘yicha 100 ball olgan yagona shahardir. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot idorasi (FCDO) Venesuelaning ayrim hududlariga sayohat qilishdan mutlaqo voz kechishni maslahat beradi.

Ro‘yxatdagi keyingi shahar Karachi (Pokiston) bo‘ldi. U mintaqadagi terrorchilik xavfi tufayli sayyohlar uchun ikkinchi eng xavfli shahar deb topildi.

Uchinchi o‘rinni Myanmaning Yangon shahri egalladi. Ushbu shahar 91,67 ball oldi va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, tabiiy ofatlar va sog‘liqni saqlash xizmatlarining sifatsizligi xavfi yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, Singapur sayohatchilar uchun eng xavfsiz shahar deb topildi. Bu mamlakat tabiiy ofatlar xavfi pastligi, salomatlik xavfsizligi va infratuzilma tahdidlari yo‘qligi uchun 0 ball oldi.

Ikkinchi eng xavfsiz shahar Tokio (Yaponiya), uchinchi o‘rinni Kanadaning Toronto shahri egalladi.

Sayyohlar uchun eng xavfli 10 ta shahar reytingi:

- Karakas, Venesuela - 100 ball;

- Karachi, Pokiston - 93,12 ball;

- Yangon, Myanma - 91,67 ball;

- Lagos, Nigeriya - 91,54 ball;

- Manila, Filippin - 91,49 ball;

- Dakka, Bangladesh - 89,5 ball;

- Bogota, Kolumbiya - 86,7 ball;

- Qohira, Misr – 83,44 ball;

- Mexiko, Meksika - 82,43 ball;

- Kito, Ekvador - 82,02 ball.

Mavzuga oid