Sport | 14:40 / 18.07.2024
4602
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarida ilk bor 19 sport turida 75 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Poytaxtdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasining "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlariga ishtiroki oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, tadbirda sport vaziri Adham Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Ermatov, Saken Po‘latov, Aziz Komilov va Sherzod Toshmatov, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Vazir Adham Ikramov anjumanni ochib berar ekan, o‘zbek sporti tarixida ilk bor 19 sport turida 90 nafar atlet bilan 75 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilganini, qolaversa, delegatsiya futbol, ayollar kurashi, suvga sakrash va kamondan otish dasturlarida debyut qilishini bildirdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi sport federatsiya va assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda ulkan ish olib borilgani, buning natijasida tayyorgarlik sikli yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlangani haqida to‘xtaldi. Shuningdek, u Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va O‘yinlarning tashkiliy qo‘mitasi bilan muntazam ravishda aloqa yo‘lga qo‘yilgani, delegatsiya a’zolari, sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Ravshan Ermatov futbolchilar tayyorgarligi, rejalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Saken Po‘latov boks, Aziz Komilov dzyudo misolida sportchilar tayyorgarligi yakuniy pallaga kirgani, barcha jamoalarimizdan yuqori natijalar kutilayotgani xususida gapirib o‘tishdi.

Iyun oyida o‘tgan erkin kurash bo‘yicha Budapesht gran-prisining oltin medal sohibi Razambek Jamolov Bekzod Abdurahmonovning o‘rniga bo‘lajak Olimpiadada -74 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Mavzuga oid