Tomas Kruks suiqasddan bir soat oldin mergan e’tiborini tortgan, ammo uni yo‘qotib qo‘yishgan
Maxsus xizmat uning telefonini buzib kirdi. Kruks telefoni orqali depressiyaga tushish simptomlari, Tramp va Baydenning suratlarini izlagani aniqlangan.
Donald Trampni o‘ldirishga uringan Tomas Kruks siuqasddan bir soat avval maxsus kuchlar e’tiborini tortgan. Ammo agentlar uni odamlar orasida yo‘qotib qo‘yishgan. Bu haqda AQSh maxsus kuchlari vakillari Kongressdagi yopiq brifing vaqtida aytishgan.
«Unga shubhali shaxs sifatida qarashgan, chunki uning qo‘lida durbin va ryukzagi bo‘lgan. Bu otishmadan bir soat avvalgi gap. Mantiqan qaraganda, mana shu bir soat davomida uni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak edi», degan senator Jon Barrasso uchrashuvdan keyin Fox News bilan suhbatda.
Yopiq uchrashuvda Trampni otgan Tomas Kruks suiqasd amalga oshirilgan yarmarka maydoniga bungacha ham kamida bir marta borgani aytilgan.
Maxsus xizmat vakillari uning telefonini buzib kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Qotil telefoni orqali depressiyaga tushish simptomlari, Tramp va Baydenning suratlarini izlagan. Shuningdek, qidirilgan suratlar orasida AQSh bosh prokurori Merrik Harland va Britaniya qirollik oilasi vakillari ham bor.
Kruks Steam o‘yinlar platformasida 13 iyul kuni «primera o‘tkazishi» haqida yozgan. Aynan shu kuni u Trampni otgandi.
Surishtiruvda qatnashayotgan va nomi sir qolishini so‘ragan odamlardan biri CBS telekompaniyasi bilan suhbatda mitingni qo‘riqlashda qatnashgan mahalliy organlardan birining mergani Tomas Kruks durbindan qarab turganini payqagach, bu haqda tezda boshqaruv punktiga xabar berganini aytgan. Mergan Kruks bino oldiga borib uni kuzatgani va yashiringanini ko‘rgan. Keyin qotil yana paydo bo‘lib, telefoniga qaragan. Shundan so‘ng durbindan qarashi bilan ratsiya orqali boshqaruv punktiga xabar bergan.
Bu xabardan keyin Tomas Kruksni kuzatishga buyruq berilgan. Hatto qo‘shimcha kuch yuborilishi so‘ralgan va u binoning g‘arbiy qismiga yo‘l olgani aytilgan. Bu vaqtda Kruks merganlar o‘tirgan bino ustiga chiqib ketishga ulgurgan.
Kruks tomida bo‘lgan bino ichida qo‘riqlashda qatnashayotgan uch nafar mergan ham bo‘lgan.
Brifingda Maxfiy xizmat mergani Kruksni u Trampga o‘q uzganidan 26 soniya o‘tib otib o‘ldigani aytilgan. Brifingda qatnashgan Federal tergov byurosi direktori Kristofer Reyning aytishicha, jinoyat motivi hamon aniqlanmagan. Shuningdek, huquq-taribot organlari qotil xorijdan kimdir bilan gaplashgani, kimdandir buyruq olgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emas.
Yopiq brifingda qatnashgan respublikachilar Maxfiy xizmat qotilni odamlar orasida yo‘qotib qo‘yganidan jahli chiqqan. Ular shubhali shaxs odamlar ichiga kirib ketgan holatda nega Trampga sahnaga chiqishga ruxsat berilganini so‘ragan. Respublikachilar brifingda aytilgan ma’lumotlar yetarli emas deb hisoblagan va Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl iste’foga chiqishini talab qilgan.
Xususan, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ham Maxfiy xizmat rahbari iste’fosini talab qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vakillar palatasi ish bo‘yicha mustaqil surishtiruv olib boradi. Surishtiruvda har ikki partiya kongressmenlari ishtirok etadi.
22 iyul kuni Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl Vakillar palatasida chiqish qilib, hisob beradi. AQSh prezidenti Jo Bayden ham ish bo‘yicha rasmiy tergovdan tashqari mustaqil surishtiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
10:37
Sud Trampning Stormi Denielsga to‘lovlari bo‘yicha ish yuzasidan qarorni kechiktirdi
09:56
Tramp Soros fondi sobiq menejerini moliya vaziri etib tanladi
17:48 / 22.11.2024
Tramp Pem Bondini bosh prokuror lavozimiga yangi nomzod sifatida ko‘rsatdi
21:00 / 21.11.2024