Malayziya O‘zbekistonda muhandis mutaxassislar tayyorlanadigan qo‘shma ta’lim dasturini ochadi
Malayziya instituti Samarqand viloyatida tibbiy elektron uskunalarni ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim dasturini ochishga tayyor.

Foto: Dunyo
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Kuala-Lumpur universiteti tarkibiga kiruvchi Britaniya–Malayziya instituti (Universiti Kuala Lumpur British Malaysia Institute – UniKL BMI) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida UniKL BMI institutining Tibbiy muhandislik texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i doktor Muhammad Zubr institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
Malayziya tomonining ta’kidlashicha, UniKL BMI instituti elektrotexnika, elektronika, telekommunikatsiya va tibbiyot elektronikasi sohalarida har yili 400 dan ortiq mutaxassislarni tayyorlaydi. Talabalar uchun ta’lim jarayoni bevosita amaliyot bilan birga olib borilishiga alohida urg‘u berildi. 2023 yilda mazkur o‘quv dargohini tamomlagan talabalarning 97 foizi ish bilan ta’minlangan.
UniKL BMI instituti bilan Samarqand viloyati Tibbiyot texnikumi negizida tibbiy uskuna va jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha muhandis mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim dasturini ochishga kelishib olindi.
Shuningdek, tomonlar kelajakda ushbu qo‘shma ta’lim dasturida tahsil oladigan talabalar Malayziyaning "Al Global Corporation Sdn Bhd" va Samarqand viloyatining Neyro Med Diagnostik Centre MChJ o‘rtasida tibbiy uskuna va jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha tashkil etilayotgan qo‘shma korxonada amaliyot o‘tash tajribasini yo‘lga qo‘yish mumkinligi to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladilar.
Kuala-Lumpur universiteti 2002 yilda MARA (Majlis Amanah Rakyat) davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, Malayziyada muhandislik texnologiyasi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Universitetning 13 ta turli yo‘nalishdagi institutlarida 24 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Mavzuga oid

12:42 / 01.05.2025
Malayziya O‘zbekistonda ekspluatatsiyadan chiqqan vagonlarni ta’mirlaydi

15:15 / 19.04.2025
“Birgina videosi YouTube’da 35 mln marta tomosha qilingan” - qo‘shtepalik yosh muhandis bunga qanday erishmoqda?

08:35 / 14.04.2025
Malayziya O‘zbekistondagi daryo va kanallarda kichik GESlar qurishi mumkin

13:31 / 10.04.2025