Jamiyat | 12:50 / 20.07.2024
9434
3 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda 10 yoshli qizini 2 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol 8 yilga qamaldi

U kelishgan puldan 500 dollarini olganda tezkor tadbirda ushlangan. Ayol sudda oilada yolg‘iz boquvchi ekanini, qandli diabet kasalligiga chalinganini hamda farzandlarini boqishga qiynalgani sababli bu ishga qo‘l urganini bildirgan.

Foto: iStock

Toshkent viloyatining Qibray tumanida o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lgan 35 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Hukmda keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan Z.A.ning 2011 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandi bo‘lgan. Turmushidan ajralgan ayol ijara asosida Chirchiq shahrida yashab kelgan.

Ayol 2024 yil 29 mart kuni o‘zining yashash xonadonida 2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 2 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Ayol sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, bu ishga farzandlarini boqishga qiynalgani sababli qo‘l urganini aytgan.

O‘g‘lim nogiron, oilada yolg‘iz boquvchiman. Farzandlarimni internet tarmog‘ida va Toshkent shahridagi Chorsu bozorida kiyim-kechak sotish orqali boqib kelganman. O‘zim qandli diabet kasalligiga chalinganman. Shuningdek, buyragining ham bir qismi ishlamaydi. Shu sababli, og‘ir mehnat bilan shug‘ullana olmayman.

Farzandlarimni boqishga qiynalganim tufayli qizimni farzandga muhtoj, o‘ziga to‘q oilaga berishni rejalashtirgandim. Uni sotish maqsadim bo‘lmagan”, degan ayol. U qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengil jazo tayinlashni so‘ragan.

Ammo ayolning qilmishi guvohlar va boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudining 2024 yil 26 iyundagi hukmi bilan Z.A. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oldinroq Samarqandda 3 yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan ayol 6 yilga qamalgandi.

Mavzuga oid