Jahon | 11:50 / 22.07.2024
3956
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya g‘arbida tartibsizliklar: fermerlar suv omborlariga qarshi

Fransiya g‘arbida fermerlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun ulkan suv omborlari qurilishiga qarshi norozilik bildirishmoqda. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan, qo‘lga olinganlar va yaralanganlar bor.

Foto: Mathieu Herduin/dpa/MAXPPP/picture alliance

Fransiyaning Atlantika okeani sohilida fermerlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar sug‘orish uchun o‘nlab yirik suv omborlari qurilishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. La-Roshel port shahrida ikkita namoyish bo‘lib o‘tdi, ulardan birining ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashgan.

Namoyishda 2000 ga yaqin odam qatnashdi, ular butun shahar bo‘ylab yurishdi va mahalliy vaqt bilan taxminan 14.00 (Toshkent vaqti bilan 17.00) da politsiya tomonidan to‘xtatildi. Namoyishchilar barrikadalar qurib, chiqindi konteynerlariga o‘t qo‘yishni boshladi, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz granatalarini otdi. Olti nafar namoyishchi hibsga olingan. Besh namoyishchi va bir ayol politsiyachi yaralangan.

Xuddi shu kuni La-Roshelda ikkinchi norozilik namoyishi tinchroq o‘tdi. Unda 3000 ga yaqin kishi qatnashdi, ularning bir qismi marshrut so‘nggi nuqtasi – yuk portidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash terminaliga – suv orqali, baydarkalarda yetib keldi. Politsiya ma’lum qilishicha, 19 iyulga o‘tar kechasi port terminaliga kirgan 200 ga yaqin odamni hududdan chiqarib yuborish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilgan. Ularning orasida traktorda fermerlar ham bo‘lgan.

Qurg‘oqchilikka qarshi suv omborlari

Yangi suv omborlari qishda yerosti suvlari bilan to‘ldirilib, yozda atrofdagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda foydalanilishi rejalashtirilgan. Loyiha tarafdorlarining ta’kidlashicha, bu Fransiya g‘arbidagi qishloq xo‘jaligini tez-tez uchraydigan qurg‘oqchilik oqibatlaridan himoya qilishga yordam beradi.

Biroq, norozilik asosini tashkil etuvchi kichik fermer xo‘jaliklari egalari «mintaqada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun emas (mahalliy aholi uchun), balki jahon bozorlarini oziqlantirish uchun» suv omborlari qurilishini bildiryapti. Atrof-muhit tashkilotlari, shuningdek, suv omborlari qurilishi mahalliy ekotizimlarga zarar yetkazishidan xavotirda.

O‘tgan yilning boshida Fransiyaning g‘arbiy qismida suv omborlari qurilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi – o‘shanda ular ham tartibsizliklarga aylangan edi.

Fransiyada fermerlarning qishki namoyishlari

O‘tgan qishda Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlarida fermerlarning norozilik namoyishlari kuzatildi. Fransiyada ular soliq va to‘lovlarning ko‘tarilishi, Yevropa Ittifoqida qattiq ekologik talablar va o‘z mahsulotlarining arzon xarid narxlariga qarshi norozilik bildirib, o‘nlab departamentlarda yo‘llarni to‘sib, traktorlarni Parij markaziga olib kirishdi.

Mavzuga oid