O‘zbekiston | 12:40 / 22.07.2024
3169
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tashabbus yo‘lga qo‘yildi

Startup Garage tashabbusi doirasida mamlakatda innovatsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan startap loyihalarga sarmoya jalb qilishda yordam beriladi. Shuningdek, har bir loyihada kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Kecha, 20 iyul kuni O‘zbekistonda birinchi Startup Garage loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sarmoya jalb qilishda ko‘maklashish va har bir loyihada kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yildi. 

Startup Garage doirasida yiliga 20 dan ortiq startap loyihani qo‘llab-quvvatlash hamda bu orqali O‘zbekistonning texnologik va iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish rejalashtirilgan. 

Startup Garage asosiy e’tiborni yangi texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirishga qaratgan. Ushbu tashabbus hozirgacha beshta loyihani o‘z ichiga olgan: Magicbot — SaaS B2B e-commerce platformasi. Humocommerce — tijorat va chakana savdo tizimlashtirish platformasi. Pulse EV — elektr transport vositalari uchun zaryadlash stansiyalari o‘rnatuvchi va ishlab chiqaruvchi kompaniya. Ish.uz — ish qidirish va kadrlar yollash platformasi. Vamar TMS — transport menejment tizimi.

Startup Garage ishtirokchilarni zaruriy resurslar va tajribali murabbiylar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, loyiha orqali startaplar uchun sarmoya jalb qilish, yirik moliyaviy institutlar bilan aloqa o‘rnatish, boshqa startaplar bilan tajriba almashish va hamkorlik qilish hamda reklama va marketing bo‘yicha yordam olish mumkin. 

Startup Garage Raqamli texnologiyalar vazirligi, AloqaBank, Aloqaventures va Mohirdev tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tashabbus yana bir qator yirik banklar va moliyaviy tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Startup Garage’ga qo‘shilish uchun startupgarage.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish yoki +998770475753 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish talab etiladi.

Mavzuga oid