O‘zbekiston | 12:47 / 22.07.2024
17717
3 daqiqa o‘qiladi

«Chek talab qilish - mayda ish emas» – Sherzod Qudbiyev chek so‘ragani uchun tarsaki yegan bolaga rahmat aytdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Guliston shahrida 12 yoshli bolani QR-kodli chek so‘ragani uchun do‘kon sotuvchisi urgani aks etgan video tarqalgandi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Shahbozni qo‘mitaga taklif qilib, unga va ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Avvalroq, Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda Guliston shahrida 12 yoshli bolani do‘kon sotuvchisi urgani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergandi. Bola QR-kodli chek so‘ragani uchun sotuvchi uni haqoratlagan va bir necha bor yuziga urgan. Bu haqda bolaning onasi Bolalar ombudsmaniga ma’lum qilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova Facebook’dagi sahifasida sirdaryolik Shahboz Soliq qo‘mitasiga taklif qilingani va qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev unga minnatdorchilik bildirgani aks etgan videoni ulashdi.

“Bitta harakatingiz ortidan butun ijtimoiy tarmoq yondi. Bu bitta Sirdaryoda emas, butun O‘zbekistonda. Biz buni hali ko‘p yoyamiz. Eng katta narsa, Shahboz, mana hamma tikka turibdi, odatda kirgandan keyin o‘tiringlar derdim, lekin Shahbozning oldida butun soliq markaziy apparati tik tursa ham arziydi. Ming martalab sizga, ota-onangizga rahmat”, - dedi Qudbiyev.

U ko‘pchilik chek talab qilishni mayda-chuyda narsa deb baholashini, ammo bu to‘g‘ri narsa emasligini ta’kidlagan.

“Bitta chekni so‘raganing ortidan Sirdaryodagi bog‘cha, maktab, yo‘llar, budjet bor, katta bo‘lganingda tushunasan, buning ortida ko‘p narsa turadi. Shuning uchun senga minnatdorchilik bildiraman”, - degan Soliq qo‘mitasi raisi.

Eslatib o‘tamiz, sotuvchi bolani urgani holati yuzasidan Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida ichki ishlar organlari tomonidan bolaga nisbatan sodir etilgan qonunga zid harakat o‘rganilayotgani va bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingandi.

Bolalar ombudsmanining qo‘shimcha xabar qilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Guliston shahridagi savdo do‘koni sotuvchisi Z.A. (erkak kishi)ga nisbatan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudiga yuborilgan.

Mavzuga oid