Yakunlanmagan poyga: Baydenning saylovdan chiqishidagi voqealar zanjiri
Amaldagi prezident va yaqinda Demokratik partiyaning yagona va muqobili yo‘q bo‘lgan nomzodi qanday qilib poygani tark etdi?
Jo Bayden AQSh prezidentligi uchun saylovlarni tark etishini ma’lum qildi. Bu kutilmagan qaror emasdi: so‘nggi haftalarda tobora ko‘proq nufuzli demokratlar ochiqchasiga partiyadan 81 yoshli siyosatchining nomzodi prezidentlikka ko‘rsatilishi to‘g‘ri bo‘lishiga shubha qila boshlagandi.
Iyun oyi oxirida u Donald Trampga qarshi debatlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgandi — va so‘rovlar respublikachilar ustunligi oshganini ko‘rsatgandi. Iyul oyi boshidan demokrat siyosatchilar qat’iy ravishda Baydenni poygadan chiqishga chaqira boshlashdi — avvaliga o‘zaro suhbatlarda, keyin esa omma oldidagi chiqishlarida. Quyida so‘nggi haftalar davomida prezidentga bosim qanday kuchayib borgani va nufuzli partiyadoshlardan kimlar uni saylovda ishtirok etishdan voz kechishga undaganini eslab o‘tiladi.
27 IYuN
↓
CNN telekanalida mazkur saylovoldi kampaniyasida Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi ilk debat o‘tkazildi. Baydenning chiqishi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi, u ko‘pincha gapidan chalg‘ib ketdi va javob berishda chalkashdi. Tomoshabinlarning 67 foizi debatlarda Tramp g‘olib chiqqan deb hisoblashini bildirdi, faqat 33 foizi ustunlikni Baydenga berdi. Demokratlar orasida vahima ko‘tarildi, partiya yetakchilari esa nomzodni almashtirish to‘g‘risida jiddiy o‘ylay boshlashdi.
28 IYuN
↓
Janubiy Karolinadagi mitingda Bayden debatlar o‘zi uchun muvaffaqiyatsiz kechganini tan oldi. Ammo kampaniyadagi ishtirokini davom ettirishini bildirdi:
Men endi oldingidek yengil yura olmayapman. Men endi oldingidek bir tekis gapira olmayapman. Men oldingidek yaxshi debat qila olmayapman, ammo… men haqiqatni qanday aytishni bilaman. Men ezgulik va yovuzlikni farqlayman va men bu ishni qanday qilishni bilaman. Men millionlab amerikaliklar bilganidek, oyog‘ingdan chalishganida yana qanday ko‘tarilish kerakligini bilaman.
Jurnalistlar demokratlarning Bayden boshqa nomzodga joy bo‘shatib berishi lozimligi haqidagi anonim bayonotlarini e’lon qila boshladi. The New York Times gazetasida «O‘z mamlakatiga xizmat qilish uchun, prezident Bayden poygadan chiqishi kerak» sarlavhasi ostida tahririyat nomidan maqola e’lon qilindi. Unda jurnalistlar demokratlar Baydenni nomzod sifatida tanlab, Trampning Oq uyga qaytishi masalasida tavakkalchilik qila olmasligini aytishgandi. The Economist, Chicago Tribune, Washington Post va The Wall Street Journal nashrlari tahririyatlari ham Baydenni ikkinchi muddatga nomzodini ilgari surish qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirishdi.
29 IYuN
↓
Partiyaning 150 nafar homiysi qarshisida chiqish qilgan Bayden poygada qolishni va’da qildi. Axios jurnalistlari so‘nggi oylarda prezident tez charchab qolayotgani, ayniqsa xorijga safarlar uni qiynab qo‘yayotganini aniqlashdi. Bayden kuniga atigi olti soat, soat 10 dan soat 16 gacha ishlashi mumkin — uning ishtirokidagi tadbirlar aynan shu vaqtlar oralig‘iga belgilangan. Tramp bilan debatlar esa soat 21:00 da boshlangandi.
30 IYuN
↓
Ayovalik sobiq senator Tom Harkin va Demokratik milliy qo‘mitaning sobiq vitse-raisi Reymond Ribak Baydenni ikkinchi muddat uchun saylovga bormaslikka chaqirishdi. Bu demokrat siyosatchilar tomonidan Baydenga qarshi ilk ochiqchasiga yurish bo‘lgandi. Bu vaqtda so‘rovlardan biriga ko‘ra, demokrat saylovchilarning 45 foizi partiyadan boshqa nomzod prezidentlikka ilgari surilishini istayotganini ko‘rsatayotgandi.
The New York Times xabariga ko‘ra, prezidentning rafiqasi Jill, o‘g‘li Hanter va atrofidagi boshqa siyosatchilar uni kurashishda davom etishga va saylovdan chiqish borasidagi chaqiriqlarga quloq solmaslikka undashgan. Shuningdek, Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jyeffris, senatorlar Kris Kuns va Rafael Uornok hamda Arizona shtati gubernatori Keti Hobbs Baydenni qo‘llab-quvvatlashgan.
2 IYuL
↓
Texaslik kongressmen Lloyd Doggett Baydenni prezidentlik poygasini tark etishga ochiqchasiga chaqirgan Vakillar palatasidagi ilk demokrat bo‘ldi: «Umid qilamanki, u ketish haqida og‘riqli va qiyin qarorni qabul qiladi. Men unga hurmat saqlagan holda uni bu ishni qilishga chaqiraman». Doggettning chaqirig‘iga Barak Obama ma’muriyatida shaharsozlik vaziri bo‘lgan Xoakin Kastro va yozuvchi, demokratlarning prezidentlik praymerizlarida ikki bor Baydenga raqiblik qilgan Marianna Uilyamson qo‘shildi. Bir qancha demokrat kongressmenlar Baydenning saylovda g‘alaba qozonish imkoniyatlari savol ostiga qo‘yishdi, Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi esa Baydenning salomatligi bo‘yicha savol — «legitim savol» ekanini aytdi.
The New York Times Oq uy xodimlarining so‘zlariga asoslanib, Baydenning holati so‘nggi oylarda yomonlashib borganini xabar qildi: u borgan sari suhbatlarda gapini yo‘qotib qo‘yavergan va omma qarshisidagi tadbirlarda ham, yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvlarda ham diqqatini jamlashda muammoga uchragan. Ijtimoiy tarmoqlarda demokratik tashkilot o‘tkazgan so‘rov natijalari paydo bo‘ldi, unda Bayden Trampga nafaqat ikkilanuvchi shtatlarda, balki so‘nggi vaqtlarda demokratlar uchun ovoz berib kelgan Virjiniya va Nyu Mexiko shtatlarida ham yutqazayotgani ko‘rsatilgan.
3 IYuL
↓
Yana bir demokrat kongressmen — arizonalik Raul Grihalva Baydenni poygadan chiqishga chaqirdi. Baydenning saylov kampaniyasi homiylari ham prezidentga bosim o‘tkaza boshladi: biri uning salomatligidan xavotir bildirsa, boshqasi xayriya qilingan mablag‘larni qaytarishni talab qildi, yana uchinchi toifa pullarini faqat Kongressdagi saylovlarga sarflashini va’da qildi. Oq uydagi anonim manbaga ko‘ra, Bayden agar partiyadoshlari va saylovchilarni Trampni yenga olishiga ishontira olmasa, poygadan chiqishiga to‘g‘ri kelishini tushuna boshlagan.
Tunda Bayden 24 nafar demokrat gubernatorlar bilan uchrashgan. Havayi orollari rahbari Josh Grin to‘g‘ridan to‘g‘ri Baydendan salomatligida muammo bor yoki yo‘qligi haqida so‘ragan. Bunga javoban prezident debatlardan oldin shifokor ko‘rigida bo‘lganini aytgan va «bu hali ham mening miyam» degan iborani ishlatib hazillashgan. Nyu Mexiko va Men shtatlari gubernatorlari Mishel Grishem va Janet Mills Bayden o‘z shtatlarida yutqazishi mumkinligini aytgan. Uchrashuv ishtirokchilaridan hech biri Baydenni saylovda ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirmagan.
4 IYuL
↓
Mustaqillik kuni munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda ham Bayden «hech qayerga ketmasligi»ni takrorladi. Massachusetslik demokrat kongressmen Set Molton prezidentni «bir chetga o‘tish» va boshqa yetakchiga yo‘l berishga chaqirdi. Demokratik partiya homiylari guruhi muqobil nomzod, masalan vitse-prezident Kamala Harrisning saylov kampaniyasi uchun 100 million dollar ajratishni rejalashtirishdi.
5 IYuL
↓
Prezident Bayden ABC telekanali muxbiri Jorj Stefanopulosga debatlardan keyingi ilk teleintervyusini berdi. Bundan o‘z salomatligi borasidagi shubhalarni tarqatish va partiya ichkarisidagi muxoliflarning ovozini o‘chirish maqsad qilingandi, ammo bu urinish ham muvaffaqiyatsiz chiqdi. Bayden debatlardagi chiqishi yomon bo‘lganini tan oldi, ammo buning barchasini yaqinda shamollagani va saylov kampaniyasi vaqtida juda ko‘p tadbirlarda qatnashganiga bog‘ladi. Prezident uning reytingi pastligi va Trampdan ortda qolayotganini ko‘rsatayotgan so‘rovlarga ishonmasligini aytdi. U poygadan chiqishi ehtimoli borasidagi savolga ancha keskin javob qaytarib, uni nomzodini olishga «faqat Xudo majbur qila olishi»ni bildirdi. Ammo uning ishonchsiz nutqi va kognitiv test topshirishdan bosh tortishi uning partiyasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Intervyudan keyin hisob bo‘yicha to‘rtinchi demokrat kongressmen Mayk Kvingli ham Baydenni saylov poygasini tark etishga chaqirdi: «Janob prezident, siz allaqachon o‘z merosingizga egasiz… Siz hozirda qilishingiz mumkin bo‘lgan yagona ish, uni abadiyga mustahkamlash va to‘liq halokatga uchrashning oldini olishdir — bu iste’foga chiqish va boshqa kimgadir bu ishni qilishga imkon berishdir». Shunday chaqiriq aks etgan maktub liberallarning Leadership Now Project notijorat tashkiloti tomonidan ham e’lon qilindi; uni jamoat arboblari va yirik biznes vakillari bo‘lgan 168 kishi imzolagan.
6 IYuL
↓
Demokratik partiyaning Hollivuddagi homiylari, jumladan Netflix asoschilaridan biri Rid Hastings Baydenni qo‘llash va uning saylov kampaniyasini moliyalashtirishdan bosh tortdi. Minnesotadan bo‘lgan kongressvumen, ikkilanuvchi okrug vakili Enji Kreyg ham Bayden o‘z nomzodini qaytarib olishi lozimligini aytdi. Mashhurligini yo‘qotayotgani prezidentga qayta saylanishga xalal berishi oydinlashayotgandi.
7 IYuL
↓
Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jyeffris tegishli qo‘mitalardagi nufuzli demokratlar bilan ushbu masalada qo‘ng‘iroqlashdi, ulardan to‘rt nafari Bayden poygadan chiqishi kerak deb hisoblashi ma’lum bo‘ldi.
8 IYuL
↓
Yangi intervyusida Bayden o‘z nomzodini qo‘llashdan bosh tortgan partiyadoshlarini tanqid qildi. U Kongressdagi demokratlarga maktub yo‘llab, partiya praymerizida ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kiritgani — va faqat u Trampni yenga olishi mumkinligini bayon etdi. Bunga javoban palataning qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasidagi nufuzli demokrat kongressmen Adam Smit uni poygadan chiqishga chaqirdi.
The New York Times gazetasida tahririyat nomidan navbatdagi maqola e’lon qilindi, unda demokratlardan Baydenni nomzodini qaytarib olishga majbur qilish uchun bosimni kuchaytirish talab etilgandi.
9 IYuL
↓
Vashingtonda NATO tashkil etilganining 75 yilligiga bag‘ishlangan sammit boshlandi. Bu vaqtga kelib Bayden nomzodiga ochiqchasiga qarshi chiqqan demokrat kongressmenlar soni yetti nafarga yetdi — ular safiga Nyu Jyersidan saylangan kongressvumen Miki Sherill ham qo‘shildi.
10 IYuL
↓
Aktyor Jorj Kluni The New York Times nashridagi kolonkasida Baydenni prezident sifatida qo‘llashini, ammo endi u ikkinchi muddatga saylana olmasligini bildirdi. Shu kuni navbatdagi kongressmenlar Pet Rayan, Erl Blyumenauer va Antoni Delgado ham Baydenni poygadan chiqishga chaqirishdi, Vermontdan saylangan Piter Uelsh esa prezidentga qarshi chiqish qilgan ilk senatorga aylandi. Demokratlarning Senatdagi yetakchisi Chak Shumer ham o‘zaro suhbatlarda Baydenning o‘rniga boshqa nomzod ko‘rsatilishiga tayyor ekanini bildirgani ma’lum bo‘ldi.
Shu kunlarda Bayden Nensi Pelosi bilan qo‘ng‘iroqlashdi, keyin esa demokratlarning Kongressdagi yetakchilari Hakim Jyeffris va Chak Shumer bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularning uchalasi ham turli shakllarda prezidentga u saylovda g‘alaba qozona olmasligi, o‘z reytingi bilan boshqa demokratlarni ham pastga tortayotgani va saylovoldi poygasidan chiqishi lozimligini aytishgan.
11 IYuL
↓
NATO sammiti yopilishida Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Vladimir Putin bilan adashtirib yubordi, matbuot anjumanida esa Kamala Harris o‘rniga Donald Trampni o‘z vitse-prezidenti deb aytdi.
Shundan ko‘p o‘tmay sakkiz nafar demokrat kongressmen Baydendan saylovda ishtirok rejasidan voz kechishni talab qildi, kongressvumen Mari Glyussenkamp-Peres esa uni prezidentlik lavozimidan ham iste’foga chiqishga chaqirdi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Nensi Pelosi va Barak Obama ham Bayden Trampni yenga olmasligiga amin bo‘lishgan. Prezident demokratlarning Vakillar palatasidagi fraksiyasi yetakchisi Hakim Jyeffris bilan yana bir bor uchrashgan — u agar Bayden nomzod bo‘lib qoladigan bo‘lsa, partiya Kongressdagi saylovda yutqazishi mumkinligini aytgan.
12 IYuL
↓
Detroytdagi mitingda Bayden «o‘z saylovchilarini tark etmasligi» va poygada qolishini va’da qilgan. Bunga javoban yig‘ilganlar «Ketma» va «Biz sen bilanmiz» deya hayqirishgan.
Kongressda Baydenni ikkinchi muddatga bormaslikka chaqiruvchi demokratlar soni yigirma nafardan oshib ketdi. Kongressmen Mark Levin lotinamerikalik demokratlar fraksiyasi yig‘ilishida Baydenni hozirning o‘zida nomzodini qaytarib olishga chaqirdi. Partiya homiylarining yirik guruhi Bayden nomzod bo‘lib qolgunicha, 90 million dollarlik xayriya mablag‘ini o‘tkazmay turishini bildirdi.
13 IYuL
↓
Kunduzi Bayden mo‘’tadil demokratlarning New Democrat Coalition fraksiyasi a’zolarini oldiga chaqirdi. Una ishtirok etganlardan birining so‘zlariga ko‘ra, muloqot «dahshatli» o‘tgan. «Bu butunlay falokatli edi. Biz debatdagi Jo Baydenga guvoh bo‘ldik», — degan uchrashuvda bo‘lgan kongressmenlardan biri. Prezident oldiga Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer borgan: u partiyadoshlarning ko‘pchiligi Baydenning g‘alabasiga ishonmayotganini aytgan.
O‘sha kuni kechga yaqin Pensilvaniyadagi miting chog‘ida Donald Trampga suiqasd uyushtirildi. Bayden darhol otishmani qoraladi va raqibini qo‘llab-quvvatladi. Demokrat kongressmenlarning ayrimlari esa Baydenni saylovdan chiqishga chaqiriqlarini keyinga qoldirishdi.
17 IYuL
↓
Razvedka bo‘yicha qo‘mitaning sobiq rahbari, kongressmen Adam Shiff Trampga suiqasddan keyingi davrda Baydenni nomzodini qaytarib olishga chaqirgan ilk demokrat bo‘ldi, nufuzli demokrat kongressmenlardan biri Jyeymi Raskin esa prezidentga maktub yo‘llab, unda uni faoliyati tugayotgan beysbolchiga o‘xshatdi.
Prezident o‘z kampaniyasi maslahatchisi Jyeffri Katsenberg bilan uchrashdi, u esa homiylarning sabri tugayotgani va tez orada shtab moliyaviy yordamdan mahrum bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu vaqtda esa Ilon Mask har oyda Donald Tramp kampaniyasi uchun 45 million dollardan mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.
AP/NORC so‘rovlarida barcha respondentlarning 70 foizi hamda demokratlarning 65 foizi Bayden saylovdan chiqishi va partiyaga boshqa nomzod tanlashga imkon berishi kerakligini aytishgan.
Bir hafta oldin Bayden Pelosi, Shumer va Jyeffris bilan suhbatlashgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, ular o‘zlarini qoniqtiradigan javobni kutishmagan va ma’lumotni jurnalistlarga sizdirishgan.
Bayden intervyuda agar o‘zining salomatligida jiddiy muammo aniqlanadigan bo‘lsa, saylovda ishtirok etish qarorini qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Shu kuni Oq uy Baydenga koronavirusga chalinish tashxisi qo‘yilganini ma’lum qildi.
18 IYuL
↓
Bayden eski intervyusida mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ismini yoddan chiqarib qo‘ygani aks etgan videoparcha keng tarqaldi. Skeptiklar guruhiga demokratlar orasida haddan tashqari katta obro‘ga ega sobiq prezident Barak Obama ham qo‘shilib, Baydenning g‘alaba uchun imkoniyatlari past ekanini aytdi.
Yana ikki demokrat kongressmen, shuningdek montanalik senator, noyabrdagi saylovda respublikachilar ustun bo‘lgan shtatda qayta saylanishi kerak bo‘lgan Jon Tester ham Baydenga qarshi chiqishdi. Nensi Pelosi partiyadoshlar bilan o‘zaro suhbatlarda Bayden tez orada o‘z nomzodini qaytarib olishi mumkinligini aytdi. The New York Times prezidentning atrofidagilarga asoslangan holda u poygadan chiqish zaruratini tan olishga tayyorligini aytgani haqida xabar berdi. Oq uydagilar esa buni rad etdi.
19 IYuL
↓
Bayden poygadan chiqishi zarurligini yana to‘qqiz kongressmen, Nyu Mexiko va Ohayodan saylangan senatorlar Martin Haynrik va Sherrod Braun (jami 37 qonunchi) hamda partiyaning yirik homiysi Maykl Morits aytib chiqishdi. Prezident oilasi a’zolari esa ilk bor uning nomzodini qaytarib olishi qanday ko‘rinishda bo‘lishini muhokama qilishga kirishdi.
Jurnalistlar Kamala Harrisning ehtimoliy sherigini ham taxmin qila boshladi — agar u prezidentlikka nomzodga aylansa, u o‘ziga vitse-prezident tanlashi kerak bo‘ladi. Arizonalik senator Mark Kelli, Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro, Kentukki va Shimoliy Karolina rahbarlari — Endi Beshar va Roy Kuper nomlari eng ko‘p tilga olindi.
20 IYuL
↓
Donald Tramp demokratlar hatto o‘z nomzodlari kimligini ham bilmasligini aytib, piching qildi.
The New York Times o‘z manbasiga tayangan holda, Bayden o‘zini ittifoqchilar tomonidan «tashlab ketilgan»dek his qilayotgani haqida yozdi. U partiya ichidagi isyon ortida Nensi Pelosi va Barak Obama turganini taxmin qilgan, ulardan ikkinchisining prezidentligi davrida Bayden vitse-prezident bo‘lgandi. Prezidentni Bill va Hillari Klinton qo‘llashda davom etgan; ular homiylardan Baydenga qarshi chiqmaslikni so‘rashgan.
CBS News telekanali prezident tez orada poygani tark etishi haqidagi mish-mishlar ko‘payganidan asabiylasha boshlaganini xabar qildi. Baydendan hisob bo‘yicha 38- demokrat kongressmen nomzodini qaytarib olishni so‘radi. Bu Kaliforniyadan saylangan kongressmen Mark Takano edi, u 7 iyul kuni demokratlar yetakchisi Jyeffris bilan telefon muloqoti chog‘ida ham shunday fikrda ekanini bildirgandi.
21 IYuL
↓
Oq uy Jo Baydenning bayonotini e’lon qildi: prezident partiya va mamlakat manfaatlari uchun prezidentlik saylovlaridan nomzodini qaytarib olishini e’lon qildi. U demokratlar partiyasidan Kamala Harris yangi nomzod bo‘lishini taklif qildi.
Mavzuga oid
23:52 / 26.11.2024
AQShda klinik o‘limdan omon qolgan erkak vaqt o‘tib jinoyatchiga aylandi
18:19 / 26.11.2024
Boeing AQSh Harbiy-havo kuchlaridan 2,4 mlrd dollarlik buyurtma oldi
18:06 / 26.11.2024
Tramp Meksika, Kanada va Xitoy tovarlariga boj joriy etilishini e’lon qildi
17:41 / 26.11.2024