O‘zbekiston | 18:58 / 23.07.2024
9764
2 daqiqa o‘qiladi

Parlamentda tanaffusga chiqish masalasida kamchilik ko‘pchilik ustidan g‘alaba qozondi

Deputatlarning ko‘pchiligi tanaffus qilmasdan majlisni davom ettirishni yoqlab ovoz berishdi, ammo yakunda tanaffusga chiqish varianti qabul qilindi.

Foto: Videodan kadr

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida g‘aroyib holat kuzatildi. Yig‘ilish YouTube orqali jonli efirga uzatildi. Unda deputatlar majlisda tanaffus qilish masalasi bo‘yicha ovoz berishdi. Yakunda kamchilik ovoz to‘plagan variant qabul qilindi.

«Reglament bo‘yicha tanaffusga chiqishimiz kerak. Yana 4 ta asosiy masala qoldi. Hozir yoki tanaffus qilmasdan davom ettiramizmi yoki tanaffus qilib, soat uchda davom ettiramizmi? Soat to‘rtda «Hukumat soati» bor. Nima deysizlar?», deb o‘rtaga savol tashladi spiker Nurdinjon Ismoilov.

Shunda majlisni tanaffus qilmasdan davom ettirish haqidagi taklif ovozga qo‘yildi. Natijalarga ko‘ra, 89 nafar deputat tanaffussiz davom ettirish taklifini qo‘llab-quvvatladi, 13 nafari qarshi bo‘ldi, 1 kishi betaraf yana 15 nafari ovoz bermadi.

Shundan so‘ng spiker ovoz bermaganlarni intizomga chaqirdi va taklifni takroran ovozga qo‘ydi. Bu safar qo‘llab-quvvatlovchilar soni o‘zgarmadi, qarshilar esa 22 nafarga yetdi.

«Men tushunmadim, nima qilamiz, davom etaylikmi yoki tanaffus e’lon qilamizmi?», deb takror so‘radi spiker Ismoilov.

Ushbu taklif bo‘yicha fikr bildirgan deputat Jahongir Shirinov kamchilik ko‘pchilikka bo‘ysunishi kerakligini va majlisni davom ettirish shartligini aytdi. Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov esa «Men ishni davom ettirishga roziman, lekin bitta narsani hisobga olishimiz kerak, 22 odam hozir kayfiyat bilan ishlamaydi», dedi.

Shundan keyin, kam ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, majlisni to‘xtatib, tanaffusga chiqish qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid