Jahon | 12:01 / 23.07.2024
2457
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya IIV mamlakatni tark etganlar ma’lumotlar bazasini yaratishni taklif qildi

Rossiya Ichki ishlar vazirligining mamlakatni tark etganlar haqida ma’lumotlar bazasini yaratish taklifi Putinga kiritilgan ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha yangi strategiya loyihasida keltirilgan, deb yozadi «Vajnyye istorii».

Foto: Shakh Aivazov/AP/picture alliance

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatni tark etgan shaxslarning ma’lumotlar bazasini yaratishni taklif qildi. Bu taklif mamlakat prezidenti Vladimir Putinga kiritilgan ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha yangi strategiya loyihasida keltirilgan. 22 iyul, dushanba kuni «Vajnyye istorii» nashri huquqiy axborot portalida e’lon qilingan hujjatga e’tibor qaratdi. 

Xususan, «ekstremistik tashkilotlarda qatnashish, shuningdek, do‘st bo‘lmagan davlatlarning xorijiy markazlarida malaka oshirish uchun» Rossiyadan chiqib ketganlarning hisobini yuritish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, ma’lumotlar bazasiga aynan kimlar kiritilishi, shuningdek, tashabbus mualliflari rejalashtirganidek, unda qanday ma’lumotlar bo‘lishi kerakligi tushuntirilmagan. 

Internetda Rossiyani tark etgan fuqarolar ma’lumotlar bazasi paydo bo‘ldi 

«Agenstvo» iyul oyi boshida xabar qilganidek, internetda Ukrainada urush boshlanganidan keyin mamlakatni tark etgan rossiyaliklar haqidagi ma’lumotlar bazasi paydo bo‘ldi. «Rossiya Federatsiyasidan 2022-2024 yillarda chiqib ketganlar» ro‘yxatidagi shaxsning kartasida uning ismi, familiyasi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, shuningdek, mamlakatni tark etgan sana, yo‘nalish va «sabab» ko‘rsatilgan. Faqat uchta «sabab» bor: «Maxsus harbiy operatsiya boshlanishi», «safarbarlik haqidagi e’lon» va «Vagner» XHK isyoni». 

Ro‘yxat aviakompaniyalar ma’lumotlaridan foydalangan holda tuzilgan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan piyoda, dengiz va avtomobil yo‘llari orqali chiqib ketganlar haqidagi ma’lumotlar ham hisobga olindi, deyiladi jurnalistlar so‘roviga javoban. «Agenstvo» 2022-2023 yillarda Rossiyadan chiqib ketgan 10 nafar shaxsni tekshirib, ulardan ikkisini ma’lumotlar bazasidan topa olmadi. Jurnalistlar yana ikkita kartada xatoliklarni aniqladilar.

The Bell: Urush paytida 600 mingdan ortiq kishi RFni tark etgan va qaytib kelmagan

2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin kamida 666 ming kishi Rossiyani tark etib, qaytib kelmagan. Bu haqda 16 iyul kuni The Bell o‘z tadqiqoti natijalari bo‘yicha xabar berdi.

Joriy tadqiqot rasmiy e’lon qilingan ma’lumotlar, rasmiylar va diplomatlarning bayonotlari, shuningdek, qabul qiluvchi har bir davlatning statistik ma’lumotlari tahliliga asoslangan. Ularni olish uchun jurnalistlar qariyb 70 mamlakatning migratsiya va statistika organlariga so‘rov yuborishgan. 
 
Mualliflarning ta’kidlashicha, bu raqam noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, chunki ba’zi davlatlar (Tailand, Indoneziya) so‘rovlarga javob bermagan, boshqalari (Kipr) ularga ko‘chib o‘tgan yoki 2023 yil uchun immigratsiya ma’lumotlarini hali e’lon qilmagan ruslarning hisobini yuritmaydi (Portugaliya) . Bundan tashqari, chet elda yashash yoki ishlash yoki o‘qish uchun ruxsatnoma olgan qancha rossiyalik oxir-oqibat Rossiya Federatsiyasiga qaytishga qaror qilganligini bilish mumkin emas. 

Mavzuga oid