O‘zbekiston | 18:30 / 24.07.2024
4337
2 daqiqa o‘qiladi

Ishdagi baxtsiz hodisalardan yarim yilda yuzdan ortiq odam vafot etdi

Baxtsiz hodisalarning aksariyati qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Shutterstock

2024 yilning birinchi yarmida mehnat jarayoni bilan bog‘liq 387 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Baxtsiz hodisalar oqibatida xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berilgan va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning aksariyati — 26 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi.

374 ta holatda korxonaning faoliyati to‘liq tekshirilib, ijrosi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar hamda 63 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Tahlillarga ko‘ra, baxtsiz hodisalaring sabablari: ish beruvchilar tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratib berilmaganligi, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etmaslik, xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlamaslik, xodimlar o‘qitilib bilimlari sinalmasdan ishga jalb qilinishi va ayrim holatlarda xodimlarning mehnat xavfsizligi talablariga e’tiborsiz qarashi.

Mavzuga oid