Iqtisodiyot | 12:41 / 24.07.2024
2345
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytning Gulf General Trading Co. Ltd. kompaniyasi ishchi guruhining Qashqadaryo viloyatiga ishchi safari uyushtirildi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, Tashrif chog‘ida Kuvayt kompaniyasi delegatsiyasi Qashqadaryo viloyati hokimi Murod Azimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida turli sohalardagi investitsion loyihalar, jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va sog‘liqni saqlash tizimida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Kuvaytlik investorlar Qashqadaryo viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va nogironlikni erta aniqlash, ayniqsa, onkologiya, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklariga to‘g‘ri tashxis qo‘yish imkonini beruvchi zamonaviy tibbiy laboratoriyalarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida viloyatda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholini sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash imkoniyatlari va umumiy sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligi oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha  muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.

Mavzuga oid