O‘zbekiston | 20:32 / 25.07.2024
18455
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning doimiy aholisi soni ma’lum qilindi

Aholi soni 37,2 millionga yaqinlashmoqda, eng ko‘p aholi Samarqand viloyatida istiqomat qilyapti.

Foto: Kun.uz

2024 yil 1 iyul holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 134 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi (.pdf) hisobot berdi.

Qayd qilinishicha, aholining 18 million 696 ming nafari erkaklar, 18 million 437 ming nafari ayollardir. Mamlakatning shahar aholisi soni 18,9 million kishini, qishloqlar aholisi 18,2 million kishini tashkil etadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 28,5 yilga teng. Taqqoslash uchun, 2014 yilda aholi o‘rtacha yoshi 27,3 yil edi.

O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolar umumiy aholi sonining 56,4 foiziga teng. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar 32 foiz, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,6 foiz.

Doimiy aholi sonining eng ko‘pi Samarqand viloyatida qayd etilgan – 4 million 249 ming nafar. Bu butun O‘zbekiston aholisining 11,4 foizi degani. Shuningdek, Farg‘ona (4,1 million kishi), Qashqadaryo (3,6 million kishi), Andijon (3,4 million kishi) va Namangan (3,1 million kishi) viloyatlarida nisbatan ko‘p aholi istiqomat qiladi.

Doimiy aholi sonining ulushi eng kam hudud Sirdaryo viloyati bo‘lib, u yerda 922,1 ming kishi yashamoqda. Navoiy (1,1 million kishi), Jizzax (1,5 million kishi), Xorazm (2 million kishi) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (2 million kishi) nisbatan kam aholi istiqomat qiladi.

Mavzuga oid