3,3 mln so‘mdan 14,4 mln so‘mgacha – o‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi e’lon qilindi
Individual sohalar kesimida ish haqining oshishi bo‘yicha tengsizlik yildan yilga kengayib boryapti. Xususan, 2020-2024 yillarning mos davri oralig‘ida bank va sug‘urta sohasida ishlovchilarning oylik maoshi 2,63 barobarga (5 mln 487 ming so‘mdan 14 mln 434 ming so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 85 foizni (1 mln 779 ming so‘mdan 3 mln 288 ming so‘mga), ta’lim sohasida 78 foizni (1 mln 967 ming so‘mdan 3 mln 499 ming so‘mga) tashkil etgan.
2024 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 5 mln 92 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 17,4 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, hisobotni tuzishda mudofaa, ichki ishlar, bojxona, DXX, prokuratura va sud tizimlaridagi maoshlar, shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’yektlarida va qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchilarning maoshlari kiritilmagan.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (8 mln 450 ming), Navoiy (6 mln 602 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 918 ming) qayd etilgan.
Eng kam maoshlar esa Qashqadaryo (3 mln 634 ming), Surxondaryo (3 mln 688 ming) va Namangan (3 mln 751 ming) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda – Toshkent shahri va Navoiy viloyatida nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
2024 yilning yanvar-iyun oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (20,2 foiz), Samarqand (18,2 foiz), Andijon (17,6 foiz), Farg‘ona (16,8 foiz) hamda Navoiy (16,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Maoshlar oshgani ortidan, hududlar kesimidagi farqlanish kuchayib bormoqda. Masalan, 2020 yilda eng boy va eng kambag‘al hududlardagi (Toshkent/Qashqadaryo) o‘rtacha ish haqidagi farq 83 foiz, 2021 yilda (Toshkent/Farg‘ona) 97 foiz, 2022 yilda (Toshkent/Samarqand) 2,08 barobar, 2023 yilda (Toshkent/Samarqand) 2,17 barobar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich (Toshkent/Qashqadaryo) 2,33 barobarga yetgan.
2023 yilda o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 135 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan. Shundan 37,9 foizi ta’lim, 18,3 foizi sanoat, 16,7 foizi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2024 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
- bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida– 14,4 million so‘m;
- axborot va aloqa sohasida –12,4 mln so‘m;
- tashish va saqlash sohasida – 7,7 mln so‘m;
- sanoat sohasida – 6,2 mln so‘m;
- savdo sohasida – 5,8 mln so‘m;
- qurilish sohasida – 5,4 mln so‘m;
- yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 4,5 mln so‘m;
- san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 4,1 mln so‘m;
- ta’lim sohasida – 3,5 mln so‘m;
- sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3,3 mln so‘m.
Individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining tarmoqlar kesimidagi tengsizligi ham ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2020-2024 yillarning mos davri oralig‘ida bank va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,63 barobarga (5 mln 487 ming so‘mdan 14 mln 434 ming so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 85 foizni (1 mln 779 ming so‘mdan 3 mln 288 ming so‘mga), ta’lim sohasida 78 foizni (1 mln 967 ming so‘mdan 3 mln 499 ming so‘mga) tashkil etgan.
Mavzuga oid
18:39 / 20.11.2024
2024 yilda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga gaz eksporti 5 barobar oshdi
13:58 / 31.10.2024
O‘zbekistonda ko‘proq qaysi davlat fuqarolari tahsil olayotgani ma’lum qilindi
10:50 / 31.10.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top 10 davlatlar ma’lum qilindi
08:10 / 29.10.2024