Markaziy bank o‘zgalarning nomiga kredit olayotgan firibgarlarga qarshi qanday kurashmoqchi?
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning ma’lum qilishicha, onlayn kredit ajratish bo‘yicha tijorat banklariga qo‘shimcha talablar belgilanyapti. Bunda har bir fuqaroga o‘zining nomiga kredit rasmiylashtirilishini cheklab qo‘yish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, kredit olish jarayonida haqiqatan ham kreditni o‘sha shaxsning o‘zi olayotganini qayta tekshirish amaliyotini joriy etish rejalashtirilyapti.
Birovlarning nomiga kredit olish bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oshib borayotgani fonida Markaziy bank onlayn kredit olish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtiryapti. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Onlayn kredit olishdagi firibgarlik bizni juda o‘ylantirayotgan masala. Nafaqat bizni, balki butun dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklarini o‘ylantiryapti. Qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritdik. Iyul oyida bu o‘zgarishlar Senatda qabul qilindi. Tijorat banklariga ma’lum minimal talablar belgilayapmiz. Bu har bir inson tomonidan kredit rasmiylashtirilishini cheklab qo‘yish amaliyoti bo‘lib, tizim orqali fuqarolarning roziligisiz banklarning kredit berish imkoniyati cheklanadi. Ikkinchidan, kredit olish jarayonida haqiqatan ham kreditni shaxsning o‘zi olayotganini qayta tekshirish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda. Buni 2 usulda ko‘ryapmiz. Birinchi usulda, bevosita kredit olmoqchi bo‘layotgan shaxsni xabardor qilish orqali, ikkinchi usulda kredit haqiqatan ham o‘sha fuqaro tomonidan olinayotganiga ma’lum vositalar bilan rozilik berish tizimi orqali nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda», - dedi Mamarizo Nurmurodov.
MB raisining ta’kidlashicha, banklar tomonidan ma’lum jihatdan shubhali tuyulgan operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.
«Bu yerda nafaqat onlayn kredit olish, balki o‘zaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish masalasi ko‘zda tutilgan. Bunda ikki tomonlama ta’sir bor. Bir tomondan, ertaga bu mavzu muhokama qilinishi mumkin, «bankning nima haqqi bor, mening pulimga xo‘jayinlik qilishiga?» deb. Ikkinchi tomondan, ma’lum jihatdan biz himoya qilayotganimizni tushuntirishimiz qiyin bo‘ladi. Yana to‘lovlarning o‘tishida kechikish bo‘ladi — onlayn degan prinsipni ma’lum jihatdan buzgan bo‘lamiz», dedi regulyator raisi.
Nurmurodovning ta’kidlashicha, onlayn kredit bilan shug‘ullanuvchi banklarda har kuni 10−15 mingta operatsiyalar amalga oshiriladi. Bu eng tez o‘sayotgan bank mahsulotlaridan biridir. Hozirda raqamli banklar bilan qanday qilib kredit olishni qayta tasdiqlash bo‘yicha ish olib borilyapti.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024