Respublika “GAI”ning 26,5 mlrd so‘mlik tenderida qonunbuzilish holati aniqlandi
Tender savdolari yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun o‘tkazilgan. Raqobat qo‘mitasi tomonidan IIV YHXBBga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan katta miqdordagi tender savdolarida qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024 yil 10 iyunda boshlang‘ich qiymati 26 mlrd 500 mln so‘mga yaqin o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan murojaat kelib tushgan. O‘rganishda tender savdolari yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.
“Ishni ko‘rib chiqish natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgan deb topilib, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, ushbu qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikni belgilash masalasi ko‘rib chiqiladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi qo‘shimcha qilingan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tender savdosi 2024 yil 6 iyul kuni o‘tkazilgan. 26 mlrd 499 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan e’lon qilingan tenderda 25 mlrd 981 mln so‘mlik taklif bilan “AVTOBELGI ROAD MARKING” MChJ g‘olib deb topilgan hamda 11 iyul kuni ushbu korxona bilan shartnoma tuzilgan.
Oldinroq Raqobat qo‘mitasi sayt va mobil ilovaga 1,2 mlrd so‘m sarflayotgan Ma’naviyat va ma’rifat markaziga ham ish qo‘zg‘atgandi.
Mavzuga oid
13:34 / 21.11.2024
BFQ iste’mol qilish natijasida odamlar sog‘ligi yanada yomonlashgan – Raqobat qo‘mitasi
11:05 / 21.11.2024
Qimmat sotilgan dorilar tufayli iste’molchilarga 7 mlrd so‘m qaytarildi
16:06 / 08.11.2024
“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
14:25 / 29.10.2024