Sport | 21:05 / 26.07.2024
22702
11 daqiqa o‘qiladi

Ularga bozorda talab yuqori. Yevro-2024’da narxi oshgan 10 futbolchi

Ro‘yxatda - ispanlar ko‘pchilik.

Milliy jamoalar ishtirokidagi turnirlar — o‘zini keng jamoatchilik uchun tanitadigan iste’dodli futbolchilar ko‘rgazmasidir. Futbolchilar qisqa muddatda o‘z mashhurligini oshirib olish va nisbatan kattaroq klubga transfer bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. Quyidagi ro‘yxatdagi ayrim futbolchilar ham yangi mavsumni yangi jamoada boshlashi deyarli aniq bo‘lgan.

Transfermarkt portalida futbolchilarning narxlari yangilangan — Yevro-2024 ishtirokchilari orasida ham ko‘plab futbolchilarning transfer narxi oshgan. 

10. Dan Ndoy, Shveytsariya
+8 million yevro (14 dan 22 ga)

Shveytsariya milliy jamoasi Yevroda ishonchli harakat qildi — guruhda Germaniya bilan durang o‘ynadi, pley-offning ilk bosqichida Italiyani chiqarib yubordi va chorakfinalda Angliyaga faqat penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Zommer, Vargas va Froyler kabilar ham yuqori darajali futbol namoyish etishdi, ammo Transfermarkt faqat «Bolonya» hujumchisi, Manuel Noyyer darvozasini ishg‘ol etgan Dan Ndoyni alohida ajratib ko‘rsatdi. Uning transfer narxi qariyb uch baravar qimmatlagan va bunda shveysariyalikning klubdagi ajoyib mavsumining ham hissasi bor.

9. Ferdi Kadio‘g‘li, Turkiya
+9 million yevro (21 dan 30 ga)

Yevroning sahna ortida qolgan qahramonlaridan biri. Kadio‘g‘li barcha besh o‘yinni chap qanot himoyachisi pozitsiyasida o‘tkazdi, ammo mutaxassislar e’tiborini o‘ziga jalb qila oldi. Ferdi qanotda o‘ziga qarshi o‘ynagan ko‘plab yorqin futbolchilarni to‘xtatib qoldi, ulkan hajmdagi qora ishlarni bajardi, hujumlarga ham qo‘shildi — u golli uzatma muallifi bo‘lmasa-da, o‘rtacha bir o‘yinda 3,2 marta zarbadan oldingi uzatmani amalga oshirdi, bu esa qoyilmaqom ko‘rsatkich.

Endi «Fenerbahche» futbolchisi top-klublardan biriga o‘tishi kutilayotgani bejiz emas — unga «MYu» va «Yuventus»dan jiddiy qiziqish bor.

8. Jamal Musiala, Germaniya
+ 10 million yevro (120 dan 130 ga)

Musiala yangilngan Germaniyada Virs bilan birgalikda asosiy yulduzlardan biri bo‘ldi. Yangicha vinger-«o‘nlik» gibrid rolida Jamal o‘zini a’lo darajada ko‘rsatdi — turnir davomida uchta gol urdi va nemislarning yangi avlodidagi asosiy iste’dodlardan biri ekanini yana bir bor isbotladi.

Musiala — bir qarashda ko‘p narsa kutish tabiiy bo‘lgan tajribali futbolchidek ko‘rinadi, aslida esa u hali atigi 21 yoshda va uning faoliyatida yana bir necha jahon chempionatlari va Yevrolar bo‘lishi aniq. Shunday ekan, uning transfer narxi hali 130 million yevrodan ham yuqorilashi mumkin.

7. Dani Olmo, Ispaniya
+ 10 million yevro (50 dan 60 ga)

Bunga ishonish qiyin, turnirning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Olmo avvaliga zaxira futbolchisi maqomida edi. De la Fuente uni muhim futbolchi deb hisoblamayotgandi — Dani guruh bosqichida faqat natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan Albaniyaga qarshi uchinchi tur o‘yinida boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. U 1/8 finalda Gurjistonga qarshi o‘yinni ham, keyingi bosqichda Germaniyaga qarshi o‘yinni ham zaxira o‘rindig‘ida boshladi.

Agar Toni Kroos Pedriga jarohat yetkazmaganida nima bo‘lgan bo‘lardi? Olmo maydonga tushmasligi va gol urmasligi mumkin edi. Fransiya bilan o‘yinni startda boshlamasligi va g‘alaba golini urmasligi mumkin edi. Dani o‘yin oxirida qahramonga aylangan final ham bo‘lmasligi mumkin edi. Yakundau — «gol plyus pas» tizimida 3+2 ochko ishladi va chempion jamoaning qahramonlaridan biriga aylandi. O‘z o‘zidan, bunday ishtirokdan keyin Olmoga grandlar ov boshladi, «Leypsig» esa, mish-mishlarga ko‘ra, uni yangilangan narxida — 60 million yevroga qo‘yib yuborishga tayyor.

6. Niko Uilyams, Ispaniya
+10 million yevro (60 dan 70 ga)

Endi bu nom nafaqat «Barselona» fanatlari, balki o‘zini top-klub deb hisoblovchi barcha jamoalarning muxlislari uchun qiziq. U chempion bo‘lgan jamoadagi muhim futbolchi bo‘ldi, usiz sovrin qo‘lga kiritilmasligi mumkin edi. Uilyams atigi ikki gol urib, bir golga uzatma berish bilan kifoyalangani ajablanarli — u ko‘proq gol urgandek tasavvur uyg‘otdi.

Muhimi shundaki, Uilyams o‘z vatandoshlari uchun juda ko‘p vaziyatlar yaratib berdi (aniqroq aytganda, kutilgan assistlar bo‘yicha 2,08 ko‘rsatkichini qayd etdi), raqiblardan dribling ishlatib o‘tib ketdi, muntazam ravishda begona darvoza atrofida keskinlik yaratdi. Endi Niko Yevro davomida vakillari bilan do‘stlashib olgan «Barsa» safiga borib qo‘shilishi mumkin. Shu bilan birga, «Atletik» uni bozordagi narxidan kamroqqa sotishga majbur bo‘ladi — shartnomasida badal puli sifatida ko‘rsatilgan 60 million yevroga.

5. Rodri, Ispaniya
+10 million yevro (120 dan 130 ga)

10 million yevroga qimmatlagan ispaniyalik futbolchilardan yana biri jamoaning muhim vakili va Yevroning eng yaxshi futbolchisi yakunlab beradi. Rodrini ko‘pchilik o‘z pozitsiyasida dunyodagi eng yaxshisi deb biladi, Madridda chempionlarni taqdirlash marosimida esa jamoadoshlari va muxlislar «Oltin to‘p»ni unga topshirishga chaqirishdi. Kuchli mavsumdan keyin unda bu mukofotni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat bor, ammo u o‘z jamoasi bilan hech bo‘lmaganda Chempionlar ligasi finaliga chiqa olmagani pand berishi mumkin. Ammo Rodri nima bo‘lganda ham klubida va milliy jamoada ideal ishladi. Usiz ispanlarning g‘alabasi ham bo‘lmasdi.

4. Georgiy Mamardashvili, Gurjiston
+ 10 million yevro (35 dan 45 ga)

Gurjistonlik posbon ham yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilar qatori 10 million yevroga qimmatlagan, Mamardashvili Yevroning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. U yangilangan narxlarga ko‘ra jahonning eng qimmatbaho darvozaboniga aylandi. U bu o‘rinni Portugaliya — Sloveniya o‘yini qahramoni Diogu Koshta bilan bo‘lishib turibdi. O‘z o‘zidan ularning bu bahosi yoshiga qarab ham berilgan (darvozabonlar mos ravishda 23 va 24 yoshda), ammo ular jiddiy yutuqlarga ham erishdi.

Mamardashvili Yevro-2024 davomida 30 seyv amalga oshirdi. Ha, bu ko‘p jihatdan gurjistonliklarning mudofaadagi kuchsiz o‘yini bilan bog‘liq, ammo bunday natija deyarli rekord degani — bunday statistika yuritilishi boshlanganidan buyon bir turnirda bundan ko‘proq qutqarishni Igor Akinfeyev amalga oshirgan (32 seyv). Shu bilan birga, bu natija Gurjiston 1/8 finaldayoq ishtirokini tark etganida qayd etildi. Agar yana bir o‘yin o‘tkazilganida — Georgiy rekordchiga aylangan bo‘lardi.

3. Arda Guler, Turkiya
+15 million yevro (30 dan 45 ga)

Turkiyaning hozirgi avlodidagi asosiy iste’dod allaqachon «Real» a’zosi — lekin u ispan klubidagi birinchi mavsumida ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. U barcha masala hal bo‘lganidan keyin, mavsum oxiridagi o‘yinlarda tushirildi va uning gollari soni boshlang‘ich tarkibdagi o‘yinlari sonidan ko‘proq bo‘ldi, yozda esa Turkiya milliy jamoasi safida porladi.

Guler ikki golli pas berdi va muxlislarga yozning eng chiroyli gollaridan birini tuhfa etdi. Uning uzoq masofadan Mamardashvili darvozasiga yo‘llagan zarbasidan keyin Anchelotti fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi va yangi mavsumda unga ko‘proq o‘yin vaqti berishi mumkin — bunday vunderkindni zaxira o‘rindig‘ida ushlab o‘tirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

2. Rikkardo Kalafiori, Italiya
+15 million yevro (30 dan 45 ga)

Italiya 1/8 finaldayoq turnirni tark etdi, ammo agar Kalafiori bo‘lmaganida, pley-offga ham chiqa olmasdi. Italiyalik himoyachi Xorvatiya bilan o‘yin oxirida to‘pni raqib jarima maydoniga qadar olib borib, fanatlarga dramatik yakun taqdim etdi. Uning ajoyib pasidan keyin Dzakkanya aniq zarba yo‘llab hisobni tenglashtirdi hamda Modrich va jamoadoshlarining guruhdan chiqish umidiga barham berdi.

Kalafiori Donnarumma bilan birgalikda — nursiz o‘yin ko‘rsatgan Italiyadagi ikki yorqin nuqtadan biri bo‘ldi. U serqirra futbolchi bo‘lib, himoyada ham, hujumda ham yaxshi o‘ynadi — to‘pni oldinga olib borishi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi va yaxshi pas berishi bilan ajralib turdi. Yaqin vaqtlar ichida u «Arsenal» a’zosiga aylanadi — uni top-klubda kuzatish yanada qiziqroq bo‘ladi.

1. Lamin Yamal, Ispaniya
+ 30 million yevro (90 dan 120 ga)

Bu reytingni turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi birinchi o‘rinda. Lamin haqida ko‘pchilik ushbu yozdan oldin ham bilardi, ammo turnirga maktab o‘quvchisi sifatida kelgan ushbu yigitcha Ispaniya milliy jamoasining asosiy tarkibida o‘zini ko‘rsatdi va uning muvaffaqiyatidagi asosiy omillardan biri bo‘ldi. Yarimfinalda Fransiya darvozasiga fantastik gol urdi, turnir davomida to‘rt golga uzatma berdi, sakkiz marta yaqqol golli vaziyat yaratdi (turnir rekordi) — chinakamiga yorqin chiqish.

Yamal dunyodagi eng qimmatbaho o‘smir futbolchi — unga qadar hech kim 17 yoshimda 100 million yevrolik narxga chiqa olmagan. Aftidan, yaqin orada uning darajasidagi vunderkind paydo bo‘lmaydi. Muxlislar Lamin yangi mavsumda yanada kuchayishiga va Ansu Fatining taqdirini takrorlamasligiga umid qilishmoqda.

Mavzuga oid