Jahon | 08:55 / 29.07.2024
2371
5 daqiqa o‘qiladi

BamS: Ekofaollar Lufthansa tomonidan millionlab yevrolik da’volarga duch kelishi mumkin

Aviakompaniya vakili Frankfurt aeroportining blokadasidan ko‘rilgan zarar avvalgi shunga o‘xshash harakatlarga qaraganda «sezilarli darajada yuqori» bo‘lishini aytdi, deb yozadi Bild am Sonntag. Kyolndagi blokada miqdori haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Foto: Shutterstock

25 iyul kuni Germaniyaning Frankfurt-Mayndagi eng yirik aeroportini blokadaga olish uchun mas’ul bo‘lgan «So‘nggi avlod» guruhining radikal ekologik faollari Lufthansa ulardan millionlab yevro tovon talab qilishini kutishlari kerak. Bu haqda 28 iyul, yakshanba kuni Bild am Sonntag (BamS) gazetasi o‘zida mavjud ma’lumotlarga asoslanib xabar berdi. 

BamS xabariga ko‘ra, aviakompaniya vakili Frankfurt aeroportining blokadasidan ko‘rilgan zarar miqdori avvalgi shunga o‘xshash harakatlarga qaraganda «sezilarli darajada yuqori» bo‘lishini aytdi. Shuningdek, gazetada Germaniyaning uchta aeroportida uchish-qo‘nish yo‘laklari to‘sib qo‘yilganidan so‘ng Lufthansa jami 740 ming yevro miqdoridagi zararni qoplashni talab qilgani haqida ham ma’lumot bor.

Frankfurt aeroporti ishining majburiy to‘xtatilishidan tashqari, atrof-muhit faollari 24 iyul kuni Kyoln/Bonn aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda xuddi shunday aksiyani o‘tkazishdi. Ushbu hodisa uchun yetkazilgan zarar miqdori hozircha xabar qilinmagan. 

Ekofaollar ikkita aeroport ishini qanday qilib to‘xtatib qo‘ydi?

25 iyul kuni erta tongda «So‘nggi avlod» guruhining bir necha namoyishchilari Frankfurt-Mayn aeroportiga kirib, uchish-qo‘nish yo‘laklariga o‘zini yopishtirib oldi. Ular 2030 yilgacha gaz, neft va ko‘mir qazib olish va foydalanishni to‘xtatishni talab qilishdi. Fraport operatoriga ko‘ra, rejalashtirilgan 1400 ta reysdan 230 ga yaqini aksiya tufayli bekor qilingan. Yetti nafar faol qo‘lga olingan. Bu bir necha oylardan beri davom etayotgan, bunday harakatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish haqida munozarani keskinlashtirdi. 

Bir kun oldin besh kishi Kyoln/Bonn aeroportida panjaradan o‘tib, uch soat davomida havo harakatini to‘xtatib qo‘ygan edi. Namoyishchilarga qarshi yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik, havo qatnoviga xavfli tarzda to‘sqinlik qilganlik va hududga noqonuniy kirganlik ayblovi bo‘yicha ish ochilgan, dedi politsiya vakili. Aeroport yopilishi sababli o‘nlab reyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan. Minglab yo‘lovchilar, jumladan, bolali oilalar maktab ta’tillari avjida bir necha soat davomida terminal binosida qolib ketishdi.

Germaniya aviatsiya xavfsizligi qonunini kuchaytirishni rejalashtirmoqda 

Germaniya transport vaziri Folker Vissing atrof-muhit faollarining so‘nggi harakatini keskin qoraladi. «Aeroportlarga zo‘rlik bilan bostirib kirgan, uchish-qo‘nish yo‘laklari va samolyotlarni to‘sib qo‘ygan har qanday odam odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi», dedi u Funke media-guruhiga bergan intervyusida. Vissingning so‘zlariga ko‘ra, Bundestag Aviatsiya xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni imkon qadar tezroq qabul qilishi kerak. Unda aeroport faoliyatiga xalaqit bergan qoidabuzarlarga besh yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Xuddi shunday pozitsiyani Germaniya aeroportlari assotsiatsiyasi - ADV ham bildirgan va u «atrof-muhit faollarining jinoiy bosqinini» keskin qoralagan. «Bunday xatti-harakatlar jiddiy jinoiy oqibatlarga olib kelishi kerak», deb tushuntirdi ADV biznes menejeri Ralf Beyzel. Uning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiya «Aviatsiya xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunning qat’iylashtirilishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Shimoliy Reyn-Vestfaliya ichki ishlar vaziri Xerbert Royl ham keskin tanqid bilan chiqdi. «Bu odamlar qilayotgan ishning norozilik va fikr bildirish bilan aloqasi yo‘q. Bular bir vaqtning o‘zida bir nechta jinoiy huquqbuzarliklardir», dedi u Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida. 

Yevropada radikal ekofaollarning harakatlari 

Xuddi shunday aksiyalar 24 iyul kuni boshqa mamlakatlar aeroportlarida ham bo‘lib o‘tdi. Londonning Xitrou aeroportida «Neftni to‘xtating» guruhining 9 nafar faoli hibsga olindi. Norvegiyada 12 nafar faol Oslo aeroportini to‘sib qo‘ydi. Shunga o‘xshash hodisalar Ispaniya va Finlandiyada ham qayd etilgan. 

Mavzuga oid