Jahon | 19:29 / 30.07.2024
4375
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qiroli Charlz III ning kechki ovqati Yelisey saroyining eng katta xarajati bo‘ldi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning Parijga tashrifi vaqtida tashkil etilgan kechki ovqat Yelisey saroyining 2023 yildagi eng yirik xarajatlaridan biri bo‘lgan, deb xabar beradi Politico.

Foto: EPA

Diplomatik va prezident majburiyatlari, ma’muriyat, xodimlar, xavfsizlik va mulkni boshqarish kabi yo‘nalishlarga oid chiqimlarni o‘z zimmasiga oladigan Yelisey saroyining xarajatlari 125 million yevroni tashkil etgan, natijada budjet defitsiti 8,4 million yevroga yetgan.

Eng yirik xarajatlar qatoriga Buyuk Britaniya qiroli Charlz III hamda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi sharafiga tashkil etilgan kechki ovqatlar kiritilgan. 

Charlz III tashrifi munosabati bilan fransuz monarxlarining tarixiy qarorgohi — Versalda tashkil etilgan bazmga 160 nafarga yaqin mehmon taklif etilgandi. Qisqichbaqalar va noyob vinolar kabi delikateslar tortiq qilingan kechki taom uchun Yelisey saroyi salkam 475 ming yevro sarflagan. Ushbu mablag‘larning 165 ming yevrodan ortig‘i keytering xizmatiga va 40 ming yevrodan ziyodi vinoga ishlatilgan.

Safar rejalari o‘zgargani sabab xarajatlar ortib ketgani alohida band sifatida keltirilgan. Shu orqali 830 ming yevroga yaqin mablag‘ sarflangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil sentabrda Britaniya qiroli Charlz III taxtga o‘tirganidan keyin birinchi marta Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgan edi. Britaniya qirolining 26-29 mart kunlariga mo‘ljallangan Fransiyaga tashrifi o‘sha paytda mamlakatda kuchaygan norozilik namoyishlari tufayli qoldirilgandi.

Mavzuga oid