Jahon | 13:55 / 30.07.2024
2430
2 daqiqa o‘qiladi

Litva o‘z hududida minalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Mamlakat korxonalari bilan minalar ishlab chiqarish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, dedi mudofaa vaziri Laurinas Kashchyunas.

Laurinas Kashchyunas Foto: E. Blajisa / LRT

Litva o‘zining minalar ishlab chiqarish quvvatini oshirish niyatida va o‘z hududida minalar ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

Bu haqda mamlakat mudofaa salohiyatining rivojlanishiga izoh berar ekan, mudofaa vaziri Laurinas Kashchyunas ma’lum qildi, deb yozadi LRT. 

«Eng muhim va resurslarni ko‘p talab qiladigan, lekin ayni paytda eng samaralisi bu mina salohiyatini rivojlantirish, mustahkamlashdir», dedi Kashchyunas hukumatdagi matbuot anjumanida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva hozirdanoq minalarni sotib olmoqda va kelgusi yilda buni davom ettirishni rejalashtirmoqda. O‘n yil ichida 600 million yevro mablag‘ni, asosan, minalarga sarflash rejalashtirilgan. 

«Asosiy e’tibor quruqlikdagi tanklarga qarshi minalarni, shuningdek, kemalarga qarshi minalarning har xil turlarini sotib olishga qaratilgan, chunki gap nafaqat quruqlik minalari haqida, balki dengiz minalari haqida ham ketyapti», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi idora rahbari.

Vazir, shuningdek, Litva mahalliy korxonalar bilan mamlakatda minalar ishlab chiqarish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi. 

«Biz sanoatimiz bilan Litva minasini yaratish imkoniyatini muhokama qilmoqdamiz, ehtimol u oddiyroq, ammo samaraliroq bo‘ladi», dedi Kashchyunas. 

Vazir, shuningdek, ayrim kompaniyalar bunga tayyor ekanini bildirgani va avgust oyida Litva minalarini ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qilish uchun uchrashuvlar rejalashtirilganini aytdi.

Mavzuga oid