Jahon | 09:28 / 31.07.2024
4206
3 daqiqa o‘qiladi

«SBU» harbiy avtomobillarga o‘t qo‘ygan shaxslar ushlanganini ma’lum qildi

Ukrainada xavfsizlik kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 15 dan ortiq harbiy mashinaga o‘t qo‘ygan olti nafar yosh odessalik qo‘lga olindi.

Foto: Ukraina Xavfsizlik xizmati

Ukraina Xavfsizlik xizmati Milliy politsiya bilan birgalikda Odessada Ukraina mudofaa kuchlari avtomashinalariga o‘t qo‘yish holatlarini sodir etgan bir guruh yoshlarni qo‘lga oldi. Bu haqda 30 iyul, seshanba kuni «SBU» matbuot xizmati Telegram’da ma’lum qildi.

Aniqlik kiritilishicha, qo‘lga olinganlar 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan olti nafar odessalik bo‘lib, ular mashhur oziq-ovqat yetkazib berish xizmatida kurer bo‘lib ishlagan. «SBU» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya «FSB» buyrug‘i asosida ular bir hafta ichida 15 dan ortiq harbiy avtomobilni yo‘q qilishga uringan. 

O‘t qo‘yuvchilarning rossiyalik kuratorlari

Bu shaxslar Telegram-kanallarining faol foydalanuvchilari sifatida oson pul izlab, o‘z «rezyumelarini» qoldirgan holda Rossiya razvedka xizmati e’tiboriga tushgan, deyiladi «SBU» press-relizida. 

«SBU» fikricha, kurerlik yetkazib berish niqobi ostida ishlagan ayblanuvchilar o‘zlarining skuterlarida shahar bo‘ylab harakatlanishgan va u yerda Mudofaa kuchlari mashinalari uchun to‘xtash joylarini belgilashgan. Keyin hujumchilar potensial nishonlarning fotosuratlarini «tasdiqlash» uchun rus boshqaruvchisiga yuborgan. Yoshlar o‘t qo‘yish holatlarini «hisobot berish maqsadida» suratga olishgan.

Ukraina maxsus xizmati bayonotida aytilishicha, o‘t qo‘yganlar «issiq izida» qo‘lga olingan. Ulardan qo‘lbola o‘t qo‘yuvchi aralashmalar va jinoyat alomatlari bo‘lgan mobil telefonlar olib qo‘yildi.

Ukrainada harbiylar mashinalariga o‘t qo‘yilishi

Yoshlarga nisbatan Ukraina Qurolli kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ukraina qonunlariga ko‘ra, ular 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

10 iyul kuni «Vajnyye istorii» internet nashri darknetning rus tilidagi sahifalarida har bir qo‘poruvchilik uchun 1500-2000 dollar to‘lash sharti bilan Ukraina harbiy mashinalariga o‘t qo‘yish buyurtmalari e’lon qilinganini yozdi.

Mavzuga oid