Metan gazi narxining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas - Raqobat qo‘mitasi
Metan va propan gazining chakana narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari e’lon qilindi.
Bugungi kunda, metan gazi narxining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, Raqobat qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSh) chakana narxlar bo‘yicha monitoring o‘tkazgan.
«Narx cheklovi bekor qilingandan so‘ng, qo‘mita tomonidan respublika bo‘yicha 1450 ta gaz to‘ldirish shoxobchalarida sotilayotgan metan gazining chakana narxi dastlabki tezkor monitoringi o‘tkazildi. Uning natijalariga ko‘ra, gaz to‘ldirish shoxobchalarining 71 foizida (1064 ta holatda) 3750 so‘m narx saqlanib qolayotganligi, 25 foizida (370 ta holatda) narxlar 3800-3950 so‘mgacha oshgani, qolgan 4 foizi ish faoliyatida emasligi aniqlandi. Bugungi kunda, metan gazi narxining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas», deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, propan gazi narxi o‘rganilganda 20 foiz gaz to‘ldirish shoxobchalarida narxlar 5500 so‘mni, 65 foizida 5500-6000 so‘m oraliqda ekanligi, 5 foizi 6500 so‘m va 10 foizi ish faoliyatida emasligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, qo‘mita tomonidan birja savdolarida propan mahsulotining narxlariga ta’sir etuvchi omillar o‘rganilmoqda va ishlab chiqaruvchilar tomonidan narx manipulyatsiyalari va boshqa raqobatga zid harakatlar aniqlanganda ularga nisbatan ta’sirchan huquqiy choralar qo‘llanadi.
Shu bilan birga, prezident tomonidan narxlarning asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq berilgan.
«Davlatimiz rahbari tomonidan metan gazi narxlarining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Energetika vazirligiga bir qator topshiriqlar berildi», dedi Qoraboyev.
Raqobat qo‘mitasi metan va propan gazi narxlari ustidan ta’sirchan monitoringni davom ettirishini, monitoring natijalari jamoatchilikka doimiy tarzda yetkazib borilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
16:06 / 08.11.2024
“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
15:24 / 07.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
14:25 / 29.10.2024
Davr bank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi
10:50 / 29.10.2024