Jahon | 07:40 / 02.08.2024
18752
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Krasikov va boshqa sobiq mahbuslarni shaxsan kutib oldi

Putin ularga «qasamyod va burchlariga sodiqliklari uchun» minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Videodan kadr

2 avgust, jumaga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvaning «Vnukovo» aeroportida G‘arb davlatlari bilan mahbuslar almashinuvi doirasida vataniga qaytgan rossiyaliklarni shaxsan kutib oldi.

Rossiyalik jurnalistlar tomonidan Telegram’da tarqatilgan videoda, xususan, Putinning Germaniyada chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan «FSB» xodimi Vadim Krasikovni (Sokolov) uchrashuvda qanday quchoqlagani ko‘rsatilgan. Xanqoshvili 2019 yilda Berlindagi Kichik Tirgarten bog‘ida o‘ldirilgandi. 

«Interfaks» agentligi xabariga ko‘ra, uchish-qo‘nish yo‘lagida rossiyaliklarni prezident polkining harbiy xizmatchilari ham kutib olgan. Bundan tashqari, «FSB» rahbari Aleksandr Bortnikov, «SVR» boshlig‘i Sergey Narishkin va mudofaa vaziri Andrey Belousov «Vnukovo»ga yetib keldi.

Davlat mukofotlari va’da qilindi

«Harbiy xizmatga aloqador» sobiq mahbuslarga murojaat qilib, Putin ularga «qasamyod va burchlariga sodiqliklari uchun» minnatdorchilik bildirdi, deb yozadi «Interfaks».

«Hammangiz davlat mukofotlariga taqdim etilasiz, biz sizlarni yana ko‘ramiz va kelajagingiz haqida gaplashamiz», - deya agentlik Vladimir Putin so‘zlarini keltirdi.

Sloveniyada josuslikda ayblangan Anna Dulsevaga Rossiya prezidenti tomonidan gul sovg‘a qilindi.

Rossiya Federatsiyasi «FSB» xabariga ko‘ra, almashinuv natijasida NATOning bir qator davlatlarida qamoqqa olingan sakkiz nafar rossiyalik o‘z vataniga qaytarilgan. Anqaradan «Vnukovo»ga yetib kelgan «Rossiya» aviakompaniyasi samolyoti bortida voyaga yetmagan bolalar ham bo‘lgan.

Mahbuslar almashinuvida kimlar ishtirok etdi?

«Interfaks» agentligi mahbuslar almashinuvi doirasida o‘z vataniga qaytgan rossiyaliklarning ismlarini aytib o‘tdi. «Tirgarten qotili» Vadim Krasikovdan tashqari, bu AQShda kompyuterni buzish va firibgarlikda ayblanib 9 yilga qamalgan Vladislav Klyushin; Sloveniyada josuslikda ayblanib 1 yil 7 oyga qamalgan Artem va Anna Dulsevlar; Polshada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Pavel Rubsov; Norvegiyada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Mixail Mikushin; Qo‘shma Shtatlarda kiberfiribgarlikda ayblanib 27 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Roman Seleznev; AQShda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiya va Amerika o‘q-dorilarini kontrabanda qilishda ayblangan Vadim Konoshchenok. 

O‘z navbatida, rus tilidagi OAV xabariga ko‘ra, Rossiya almashinuv paytida G‘arb davlatlariga: siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, huquq himoyachisi Oleg Orlov, jamoat arbobi Andrey Pivovarov, rassom Sasha Skochilenko, muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari Liliya Chanisheva, Kseniya Fadeyeva va Vadim Ostanin, Germaniya fuqarosi Kevin Lik; jurnalist Ivan Safronov ishi qatnashchisi, Rossiya va Germaniya fuqaroligiga ega siyosatshunos Diter Voronin, Germaniya va Rossiya fuqarosi Germana Moyjyes, AQSh fuqarolari Pol Uilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva, Germaniya fuqarosi Patrik Shobelni topshirdi. Belarus hukumati ham o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Krigerni ekstraditsiya qildi.

Mavzuga oid