Jahon | 17:05 / 04.08.2024
23667
14 daqiqa o‘qiladi

“U hatto AQSh prezidentlariga ta’sir ko‘rsata olgan” – Federal qidiruv byurosini 48 yil, vafotigacha boshqargan shaxs kim edi?

AQShda tashqi va ichki xavfsizlik uchun Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Federal qidiruv byurosi (FQB) mas’ul. Biroq bir paytlar bunday emasdi va 1947 yil MRB tashkil etilgancha mamlakat xavfsizligiga faqat FQB mas’ul edi. Bu tashkilot 1908 yil tuzilgan va uni qariyb yarim asr bir kishi boshqargan.

Ikkinchi jahon urushigacha AQSh Amerika qit’asi gegemoni sifatida tashqi xavf haqida jiddiy qayg‘urmagan. Ikki tomoni okeanlar bilan o‘ralgan, shimolda ittifoqdosh Kanada, janubda Meksika bilan chegaradosh davlatga tashqi kuchlar hujum qilishi ehtimoli past edi.

Qolaversa, o‘sha paytlarda hali 10 ming km masofani uchib o‘ta oladigan qit’alararo ballistik raketalar yaratilmagan, samolyotlarning imkoniyatlari past, harbiy kemalar uncha jiddiy xavf solmas edi.

Shuningdek, urushgacha bo‘lgan davrda dunyo hali qutblarga bo‘linmagan, sotsialistik tuzumga ega bo‘lgan SSSRning dunyoda kuch-qudrati va obro‘si yo‘q edi. Britaniya imperiyasi esa tanazzulga uchrayotgandi.

Ana shunday sharoitda amerikaliklar dunyoning hech bir davlatini o‘zlariga raqobatchi o‘laroq ko‘rmasdi.

Biroq Ikkinchi jahon urushidan so‘ng vaziyat tamomila o‘zgarib ketadi. Urushning asosiy g‘olibi sifatida SSSRning obro‘si oshib ketadi va Sharqiy Yevropa hamda Janubiy-Sharqiy Osiyodagi bir qancha mamlakatlarni o‘z ta’sir doirasiga olib, ularda sotsialistik tuzum o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.

Shu bilan birga mislsiz vayronagarchiliklar keltirgan va bir necha o‘n mln odamning o‘limiga sabab bo‘lgan urush tugashi bilan insoniyat o‘sha urushdan saboq olmay, qurollanish avj oladi.

Avvaliga atom bomba yaratiladi. So‘ng uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar yaratish ustida ish boshlanadi. Harbiy samolyotlar va kemalar takomillashtiriladi.

FQBning Vashington shahrida joylashgan bosh idorasi. Bu binoga tashkilotni uzoq yillar boshqargan Edgar Huver nomi berilgan
Foto: alamy.com

Ana shunday vaziyatda 1947 yil 18 sentabrda AQShda Markaziy razvedka boshqarmasi (Central Intelligence Agency – CIA) tashkil etiladi. Bu boshqarmaning vazifasi AQShni tashqi xurujlardan himoya qilish edi. Ungacha esa Amerikaning ichki va tashqi xavfsizligini FQB bajargan.

FQB tarixi va uning 48 yillik rahbari

FQB (Federal Bureau of Investigation – FBI) 1908 yil 26 iyul kuni AQSh Qidiruv byurosi nomi ostida tashkil etilgan. 1935 yilga kelib u Federal qidiruv byurosi nomini olgan.

FQB tashkil topgandan boshlab bugungacha uni 20 kishi boshqargan. Ba’zilar FQBni bir necha oy boshqargan bo‘lsa, uning oltinchi rahbari Edgar Huver tashkilotni 1924 yildan 1972 yil vafotigacha 48 yil boshqargan.

Amerikada prezidentlar maksimum 8 yilda almashib turgan paytda FQB direktori qanday qilib AQShdagi muhim tashkilotni 48 yil boshqargan?

Edgar Huverni yaqindan taniganlar u juda ayyor odam bo‘lgani, o‘sha paytlarda AQSh prezidentlari hamda boshqa yuqori martabali amaldorlar haqida juda ko‘p maxfiy ma’lumotlar to‘plaganini, shu sababli hech kim uni ishdan bo‘shatishga jur’at qila olmaganini aytishadi.

Huver FQBni boshqargan yillarda AQShda to‘qqiz marta prezident va ko‘p marta boshqa amaldorlar almashadi. Jumladan, u FQB rahbari bo‘lganda AQShni 30-prezident Kalvin Kulij boshqarardi.

Undan keyin AQShga Herbert Huver (1929-1933), Franklin Ruzvelt (1933-1945), Harri Trumen (1945-1953), Duayt Eyzenxauer (1953-1961), Jon Kennedi (1961-1963), Lindon Jonson (1963-1969), Richard Nikson (1969-1975) rahbarlik qilgan.

Edgar Huver yoshligida
Foto: alamy.com

Biroq ularning birontasi Edgar Huverni vazifasidan ozod qilishga jazm eta olmagan. Prezidentlarning ayrimlari undan qo‘rqqan ham deyishadi. Hatto 1963 yilda o‘ldirilgan Jon Kennediga suiqasdni Edgar Huver uyushtirgan degan taxminlar ham bor.

Bundan tashqari, Edgar Huver AQSh prezidentlariga ham ta’sir ko‘rsata olgan va turli qarorlarni qabul qilishda ularning ishiga aralashgan ham deyiladi.

Edgar Huver kim bo‘lgan?

Edgar Huver 1895 yilda tug‘ilgan va maktabni tugatgach AQSh Kongressi kutubxonasida ishlab, Jorj Vashington universiteti huquqshunoslik fakultetida o‘qiydi.

U 1917 yilda o‘qishni bitiradi va 1919 yilda AQSh Adliya vazirligida ish boshlaydi. O‘sha paytda vazirlikni Aleksandr Palmer boshqarardi va tez orada Huver uning yaqin yordamchisiga aylanadi.

Huver Adliya vazirligida ish boshlagan kezda Rossiyada davlat to‘ntarishi sodir bo‘ladi. Hukumatni bolsheviklar deb ataladigan to‘da qo‘lga oladi va hammani teng qilish haqidagi puch g‘oyani dunyo bo‘ylab targ‘ib qila boshlaydi.

Ana shunday vaziyatda AQSh hukumati ham bolsheviklarga xayrixoh bo‘lgan odamlarni nazoratda ushlash uchun Adliya vazirligiga ularning ro‘yxatini tuzishni topshiradi.

Vazirlik bu ishni Huverga yuklatadi va u qisqa muddatda 150 ming kishining shaxsiy ma’lumotlarini to‘plab, ro‘yxat shakllantiradi. 1921 yilga kelib Huverning ro‘yxatida 450 ming kishining ma’lumotlari bor edi.

Edgar Huver yoshligida
Foto: alamy.com

Shundan so‘ng tarixda “Palmer reydlari” deb nom olgan hibsga olishlar boshlanib ketadi va bu jarayonlarda Huver ham o‘zini ko‘rsatadi. U o‘z rahnamosi Adliya vaziri Aleksandr Palmer bilan AQSh tarixidagi eng yirik hibsga olish tadbirlarini o‘tkazadi.

O‘shanda qisqa vaqtda ular bir necha o‘n ming odamni hibsga olishadi. Shu tariqa Edgar Huver AQSh prezidenti ma’muriyati e’tiboriga tushadi.

1921 yilda u Qidiruv byurosi (FQBning o‘sha paytdagi nomi) direktori o‘rinbosari lavozimiga o‘tkaziladi. Bu tashkilot Adliya vazirligi tarkibida edi. Oradan uch yil o‘tgach prezident Kalvin Kulij Huverni Qidiruv byurosi direktori etib tayinlaydi. O‘shanda u 29 yoshda edi.

Huver Qidiruv byurosi direktori bo‘lgandan so‘ng qisqa vaqtda uni kuchli tashkilotga aylantiradi. Bu uchun xodimlarga qo‘yiladigan talablar oshiriladi. Yangi xodimlarni sinab olish jarayoni murakkablashtiriladi.

Shuningdek, byuroga yangi xodimlar tayyorlaydigan maktab ochiladi. Xodimlar soni ko‘paytiriladi. Byuro zamonaviy texnikalar bilan jihozlanadi. Jumladan, barmoq izlarini olish va ularni tekshirish uskunalaridan foydalanila boshlanadi.

Edgar Huver (chap tomonda) 1960-yillarda
Foto: alamy.com

Bundan tashqari, Edgar Qidiruv byurosining obro‘sini oshirish uchun turli tadbirlar uyushtiradi, Hollivud prodyuserlariga chiqib, byuro agentlarining qahramonliklari haqida filmlar suratga oldiradi.

Shu tariqa, Qidiruv byurosi xodimi yoki agenti deyilganda hech narsadan qo‘rqmaydigan yengilmas xodim, jinoyatchilar kushandasi obrazi gavdalanadigan bo‘ladi.

Kalvin Kulijdan so‘ng AQShni 1929-1933 yillar oralig‘ida Herbert Huver boshqaradi va u ham Edgarga ishonch bildirishda davom etadi. 1929-1933 yillarda AQSh mislsiz darajadagi moliyaviy va iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi.

“Buyuk tushkunlik” deb atalagan bu davrda Amerikada ishsizlik, uning ortidan jinoyatchilik juda ortib ketadi. Ana shunda Edgar o‘z tashkiloti bilan ancha “samarali” ishlaydi. Shu sababli 1933 yildan AQShni boshqargan Franklin Ruzvelt ham uni o‘z lavozimida qoldiradi.

1935 yilda Qidiruv byurosi nomi Federal qidiruv byurosi deb o‘zgartiriladi. Edgar Huver FQB direktori lavozimini saqlab qoladi.

Edgar Huver nega mashhur bo‘lgandi? Bunga eng asosiy sabab u 1930-yillardan boshlab AQShda mafiya va jinoyat olamiga qarshi qattiq urush ochadi. Jumladan, AQShdagi eng taniqli mafiya vakillari Jonni Dilenjyer, Mikki Koen va Al Kapone kabilar o‘sha paytda o‘ldiriladi yoki qamaladi.

AQShdagi eng taniqli mafiya guruhi rahbari Al Kapone. U 1947 yilda 48 yoshida vafot etgan
Foto: alamy.com

O‘shanda AQShda mafiya butunlay tugatilmaydi. Shunchaki Huver bilan hamkorlik qilishni xohlamaganlar uning “yo‘rig‘ida yurishni xohlamaganlar” jazolanadi. FQB direktori bilan “kelishib ishlashga” rozi bo‘lganlarga teginilmaydi.

Shuningdek, Huver o‘z haq-huquqlarini talab qilib chiqayotgan qora tanlilar bilan ham keskin kurash olib boradi. Ayniqsa urushdan keyin AQShda qora tanlilar o‘tkazgan namoyishlar ayovsiz bostiriladi.

Huver qora tanlilarning yo‘lboshchisi Martin Lyuter Kingni bir necha marta qamaydi. Hatto uning o‘ldirilishida Huverning qo‘li borligi aytiladi.

Davlat ichidagi davlat

Edgar Huver FQBni boshqarar ekan, AQShda prezidentlar almashaverdi. Biroq bironta prezident Edgarni o‘limigacha FQB direktori lavozimidan bo‘shata olmaydi.

Bunga sabab, u FQB rahbari bo‘lgan paytdanoq AQSh prezidentlari haqida omma bilishi lozim bo‘lmagan ma’lumotlarni ham to‘plab borgan.

Edgarni ishdan bo‘shatishsa yoki lavozimini pasaytirishsa, u o‘sha ma’lumotlarni OAV orqali ommaga oshkor qilishi mumkin edi. Shu sababli ham Huverni hech kim ishdan bo‘shatishga jur’at qila olmagan va u FQBni 48 yil davomida 1972 yil vafotigacha boshqaradi.

Foto: alamy.com

Edgar Huver haqida gap ketganda unga “Davlat ichida davlat tashkil etgan shaxs” deb baho berishgan. Chunki Huverning qo‘l ostidagi tashkilot uning o‘limigacha norasmiy daxlsiz bo‘lgan va uni hech kim tekshirishga jur’at qila olmagan.

1972 yilda Edgar Huver vafot etgach AQSh Adliya vazirligi FQB ustidan nazoratni keskin kuchaytiradi. Bundan maqsad Huverning o‘rniga keladigan yangi rahbar yana “davlat ichida davlat” tuzib, uzoq yillar tashkilot rahbari bo‘la olmasin.

 

Kennediga suiqasdni Huver uyushtirganmi?

1960 yilda AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida respublikachilar vakili Richard Nikson va demokratlar vakili Jon Kennedi o‘zaro kurash olib boradi.

Nikson AQShning 34-prezidenti Duayt Eyzenxauer davrida vitse-prezident bo‘lgan, davlat boshqaruvida ancha tajriba orttirgandi. Jon Kennedi esa AQShda ancha taniqli bo‘lgan milliarder Jozef Kennedining o‘g‘li bo‘lib, u ko‘proq oilasi obro‘siga tayanayotgandi.

O‘sha paytda Edgar Huver va AQShning eng boy odami Hovard Xyuz Richard Niksonni qo‘llashadi. Huver Kennedini obro‘sizlantirish uchun Hovard Xyuzdan foydalanadi.

Prezident Kennedi (Chapdan birinchi) Edgar Huver (o‘rtada)
Foto: alamy.com

Saylovdan biroz oldin AQSh OAVda Hovard Xyuz Kennediga Vashington shahrida joylashgan, narxi 205 ming dollar turadigan villani sovg‘a qilgani haqida xabarlar tarqaladi. Xabarni Huver tarqattirgandi.

Biroq bu xabar Kennedining reytingiga ta’sir qilmaydi va u saylovda katta farq bilan g‘alaba qozonadi.

Kennedi prezident bo‘lgach Huverga AQShni mafiyadan tozalashni buyuradi. FQB rahbari mamlakatda mafiya yo‘qligini aytadi. O‘sha paytlarda AQShda mafiya saqlanib qolayotgandi.

Vaziyat 1930-yillardagiday og‘ir bo‘lmasa-da, mafiya oilalari bor edi. Buning ustiga Huver ularning aksariyati bilan do‘stona aloqada bo‘lgan.Mafiya rahbarlaridan qimmatbaho sovg‘alar va katta miqdorda “o‘lpon” olib turgan.

Ana shunday vaziyatda FQB rahbari garchi shaxsan prezident buyurgan bo‘lsa ham “eski hamkorlar”ga qarshi chiqa olmasdi. Shu sababli u Kennediga mamlakatda mafiya qolmaganini aytadi.

Prezident Kennedi (Chapdan birinchi) Edgar Huver (o‘rtada) bilan
Foto: alamy.com

Biroq Kennedi ham anoyi emasdi va Huverning mafiya bilan aloqalari haqida eshitgandi. FQB direktori yolg‘on gapirganidan so‘ng Kennedi uni ishdan bo‘shatishga qaror qiladi.

Biroq bu ish amalga oshmaydi va Kennedining o‘zi suiqasd qurboni bo‘ladi. 1963 yilda Kennedi Dallasda o‘ldiriladi. Asosiy gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan Li Xarvi Osvald ham o‘ldiriladi. Shu tariqa yopiqlik qozon yopiqligicha qoladi va o‘shanda Kennedini kim o‘ldirgani bugungacha aniqlangani yo‘q.

O‘sha paytda Oq uydagi ayrim mutasaddilar Kennedining Huverni ishdan bo‘shatish rejasi haqida eshitgandi. Prezidentni FQB direktori o‘ldirtirgan bo‘lishi mumkinligini ham bilishardi. Edgar Huver gumonlanuvchilar orasida bor edi.

Biroq prezidentning o‘limidan so‘ng ular bu haqda hech qayerda lom-lim deya olishmaydi. Chunki Huver ularni ham osongina yo‘q qilishi mumkin edi. Shu sababli 1972 yilda FQB direktori vafot etgunicha bu mavzuda hech kim gap ocha olmagan.

Edgar Huver prezident Richard Nikson bilan
Foto: humboldsentinel.com

Huverning vafotidan keyin Kennedini u o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi haqida yoza boshlashadi. Biroq bu paytga kelib marhum FQB direktorini na tergov, na sud qilib bo‘lmasdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid