O‘zbekiston | 19:00 / 05.08.2024
2996
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Gazli: gaz sifatini yaxshilash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi yuqori bosimli gaz quvurlari tizimidagi muhim bo‘g‘inlardan biri. Bu joydagi muhandislik inshootlari orqali o‘tadigan tabiiy gaz - bosimi kuchaytirilgan holda respublikamiz markazi va janubiy hududlaridagi viloyatlarga uzatib beriladi. Tabiiy gazni uzatishdan avval uning sifatiga ishlov beriladi. 

Hozirda DKS-5B kompressor sexida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda ikki rejimda ishlaydigan agregatlar o‘rnatilgan: yozgi va qishki. Shu kunlarda agregatlardagi o‘zgaruvchan oqimli qismlar almashtirilib, qishki rejimda ishlashga moslashtirilmoqda. Shu orqali samarali va uzluksiz faoliyatni kafolatlash mumkin bo‘ladi. Tadbir natijasida agregat yozgi rejimga nisbatan ikki baravar kuchli ishlay oladi.

Tabiiy gazni tashish – murakkab va mas’uliyatli jarayon. Tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi korxonalardan magistral gaz quvurlari tarmog‘iga o‘tishdan oldin namlik va boshqa chiqindilardan sinchkovlik bilan tozalanadi. Buning uchun maxsus qurilmalar yordamiga tayaniladi. 

Boshqarmaning gaz quritish sexida bugun olib borilayotgan ta’mirlash ishlari jarayonida ayni shu tadbirlar amalga oshirilyapti.

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasida olib borilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad bitta: kuz-qish mavsumida iste’molchilarga tabiiy gazni barqaror, sifatli hamda to‘liq hajmda yetib borishini ta’minlashdan iborat.

Mavzuga oid