Mask ikkinchi insonga miya chipi o‘rnatilganini ma’lum qildi
Neuralink orqa miyasi shikastlangan yana bir bemorning miyasiga kompyuter bilan aloqa moslamasini joylashtirdi, dedi Ilon Mask.
Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi ikkinchi ko‘ngillining miyasiga falaj bo‘lgan odamlarga raqamli qurilmalardan o‘z aqli bilan foydalanish imkonini beradigan kompyuter aloqa moslamasini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Gap orqa miyasi shikastlangan bemor haqida ketmoqda, deb xabar berdi Reuters 4 avgust, yakshanba kuni Maskning bayonotiga tayanib.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, implantatsiya qilingan neyrochipdagi 400 ta elektrod ishlamoqda. Neuralink saytining xabar berishicha, chip 1024 elektroddan foydalanadi.
Implantatsiya qilingan qurilma eshitish vositasi kabi quloq orqasiga biriktirilgan qabul qiluvchi kapsuladir. Ipga o‘xshash elektrodlar kapsuladan miyaga o‘tadi. Umuman olganda, miyaga 1500 tagacha elektrod joylashtiriladi, ularning har biri inson sochidan to‘rt barobar yupqaroqdir. Bitta 4x4 mm protsessor 10 ming elektroddan olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi.
Birinchi chip yanvar oyida implantatsiya qilingan
2024 yil yanvar oyi oxirida dayving paytidagi baxtsiz hodisa tufayli yelkasidan pasti shol bo‘lib qolgan odamga miya chipi o‘rnatildi. U video o‘yinlar va shaxmat o‘ynashi, o‘z fikrlari bilan harakatlar qilishi, internetdan foydalanishi, ijtimoiy tarmoqlarda postlar chop etishi mumkin edi.
Operatsiyadan bir oy o‘tgach, ishlab chiquvchilar qurilmadagi nosozliklarni payqashdi. The Wall Street Journal (WSJ) ma’lumotlariga ko‘ra, chipning ipga o‘xshash elektrodlari aksariyati siljigan va signallarni o‘qishni to‘xtatgan. Shundan so‘ng Neuralink muammo takrorlanmasligi uchun chipni ikkinchi ko‘ngillining miyasiga chuqurroq joylashtirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. May oyida kompaniya AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan chipni ikkinchi ko‘ngilliga implantatsiya qilish uchun ruxsat oldi.
2024 yil oxirigacha Neuralink qurilmalarni 10 nafar ko‘ngilliga implantatsiya qilishni, shuningdek, Kanada va Britaniyada o‘z chiplari bilan sinovlar o‘tkazish uchun ariza topshirishni kutmoqda, deb yozadi WSJ.
Mavzuga oid
16:59 / 18.11.2024
AQShdan Xitoygacha 40 daqiqada: Ilon Mask samolyotlarni raketalarga almashtirmoqchi
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
12:05 / 15.11.2024
Tramp jamoasini shakllantirmoqda. So‘nggi tayinlovlardan uning ikkinchi muddati qanday bo‘lishini bilish mumkinmi?
20:38 / 14.11.2024