O‘zbekiston va Tojikiston Sarez ko‘lidan ichimlik suvi olishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Ikki davlat o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida yangi qo‘shma transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mintaqa davlatlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish uchun Sarez ko‘li resurslaridan foydalanishi mumkin. Bu masala Tojikiston va O‘zbekiston delegatsiyalari tomonidan ikki davlatning suv resurslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
3 avgust kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni Tojikiston energetika va suv xo‘jaligi vaziri Daler Juma hamda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev boshqardi.
Delegatsiyalar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida yangi qo‘shma transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar berdi Tojikiston Energetika vazirligi. Tomonlar suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanligini bildirgan.
Sarez ko‘lining chuchuk suvidan ichimlik ehtiyojlari uchun foydalanish masalasi 2018 yilda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tojikiston rahbarining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida muhokama qilingan edi. Prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaga bu imkoniyatni o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.
Emomali Rahmon xalqaro forumlardagi nutqlarida Tojikiston chuchuk suvning ulkan resurslariga ega ekanini bir necha bor ta’kidlab, Markaziy Osiyo mamlakatlarini uzoq muddatli ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Sarez tog‘ ko‘lidan foydalanishni taklif qilib kelmoqda.
Respublika hukumati ham, shuningdek, Sarezdan Osiyoning boshqa mamlakatlariga, xususan, Eron, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklariga ichimlik suvi yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan.
Sarez ko‘li Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida dengiz sathidan taxminan 3,5 ming metr balandlikda joylashgan. Ko‘lning uzunligi 70 km dan ortiq, maksimal chuqurligi taxminan 500 metr, suv hajmi 17 km³. Ko‘l 1911 yil fevral oyida kuchli zilzila oqibatida hosil bo‘lgan, bu vaqt davomida qulagan toshlar va ko‘chkilar Bartang daryosi yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Oqibatda Usoy deb nomlangan tabiiy to‘g‘on hosil bo‘lgan.
Mavzuga oid
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024