Rossiyaliklar Uzbekistan Airways reyslarida o‘g‘rilar paydo bo‘lgani haqida shikoyat qildi
Tungi reyslarda xitoyliklar yo‘lovchilarning pullarini o‘g‘irlayotgani ta’kidlanmoqda.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi reyslari orqali Osiyoga parvoz qilgan o‘nlab rossiyaliklar pul o‘g‘rilari qurboni bo‘lganidan shikoyat qilishdi. Bu haqda «Aviatorshchina» xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Bali oroliga uchgan samolyotning kamida 5 nafar yo‘lovchisi 2 mingdan 5 minggacha AQSh dollarini o‘g‘irlatganini aytgan. Jabrlanuvchilarning taxmin qilishicha, jinoyatchilar nazorat xodimlari bilan til biriktirmoqda: go‘yo ular avval ehtimoliy jabrlanuvchini va pullarning qayerda turganini aniqlaydi. So‘ngra katta miqdorda pul bo‘lgan sumkalarni ataylab ochadi. Toshkent orqali Kuala-Lumpurga yo‘l olgan rossiyaliklarda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan.
Ushbu reysda jabrlanganlardan birining aytishicha, samolyotda pullarning qayerda turganini oldindan aniq bilgan bir nechta «o‘g‘rilar» bo‘lgan. Ular uzoq parvoz paytida «qurbonlar» uxlab qolishini kutadi, so‘ngra ehtiyotkorlik bilan kerakli javon oldiga borib, ryukzaklar va sumkalarni ochib, pullarni olishadi va o‘rniga biror narsa qo‘yib qo‘yishadi, shunda jabrlanuvchi puli yo‘qolganini darhol anglamaydi. Jabrlanuvchi erkak bilan bog‘liq holatda o‘g‘rilar dollar o‘rniga o‘zbek so‘mini qo‘yishgan.
Uzbekistan Airways vakilining «Aviatorshchina»ga ma’lum qilishicha, 20 iyul kuni aviakompaniyaga bu haqda birinchi ariza kelib tushgan. Oradan bir hafta o‘tib, o‘g‘rilardan biri ushlangan. Toshkent — Bali reysida uchayotgan rossiyalik o‘zining sumkasiga kimdir qo‘l uzatayotganini ko‘rib qolgan. Shunda o‘g‘ri ham cho‘chib, pulni javonga otib yuborgan. Rossiyalik sayyoh shoshayotgani va pulini yo‘qotmagani bois ariza yozmagani aytilmoqda.
Uzbekistan Airways vakilining aniqlik kiritishicha, shunga o‘xshash ishlarni Xitoyning Henan provinsiyasida yashovchilar sodir etmoqda. Ular ko‘pincha shunday yo‘llar bilan «boylik orttirish» maqsadida xalqaro reyslarda bagajsiz uchadi. Ta’kidlanishicha, ularning o‘g‘irliklarga aloqadorligini hali isbotlashning imkoni bo‘lmagan - buni amalga oshirish juda qiyin (faqat jinoyat ustida qo‘lga olinsagina mumkin).
Aviakompaniya allaqachon bunga qarshi choralar ko‘rganini ma’lum qilgan.
«Bu voqealardan keyin biz styuardessalarimizni ogohlantirdik. Biz allaqachon hushyorlik bilan kuzatib boryapmiz va reyslarimizda bagajsiz uchayotgan xitoyliklarni aniqlayapmiz. Ular guruh bo‘lib uchganida, salon bo‘ylab turli joylarda o‘tirishadi, biz ularning qanday «ishlashini» taxminan tushunamiz», deb tushuntirish bergan aviakompaniya vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida bu xalqaro muammo bo‘lib, hodisalar faqat bitta aviakompaniyada yuz bermayapti.
«Ular ommaviy tarzda Istanbul, Honkong va boshqa shaharlarga sayohat qilishadi. Bu nafaqat bizda, balki, masalan, Turkish Airlines reyslarida ham sodir bo‘ladi. Aftidan, navbat bizga yetib, tungi reyslarimizda «tirikchilik qila boshlashdi», deb aviakompaniya vakili so‘zlarini keltirmoqda manba.
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
23:32 / 13.11.2024