O‘zbekiston | 23:07 / 07.08.2024
4253
2 daqiqa o‘qiladi

“Yashil makon”: 1 mln ko‘chat qo‘shib yozilgan, 580 mingtasi suvsiz hududlarga ekilgan - Bosh prokuratura

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ishlar davomida 541 ta holatda amalda ekilmagan 1 milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilingan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov

Hayot Shamsiddinov Bosh prokurorning mamlakatimiz aholisiga yo‘llagan murojaatida qayd etilgan masalalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar yuzasidan ma’lumot bera turib, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yashil makonlarni ko‘paytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli o‘rganilganida, 541 ta holatda amalda ekilmagan 1 milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilganligi, 580 mingtasi sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilganligi va 19 mingdan ortiq ko‘chat o‘z vaqtida ekilmaganligi sababli nobud qilinganligi aniqlanib, keskin choralar ko‘rildi”, — degan Hayot Shamsiddinov.

Avvalroq bu haqida Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ham ma’lum qilgan edi. O‘tayevga ko‘ra, bahor mavsumida 139 mln tup daraxt ekilgani to‘g‘risida elektron platformaga ma’lumot kiritilgan. Biroq, 541 ta holatda amalda ekilmagan bir milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan.

Shuningdek, 441 ta holatda 580 ming tup ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan. 35 ta holatda yetkazib berilgan ko‘chatlar o‘z vaqtida ekilmagani sababli 19 mingdan ortiq ko‘chat nobud qilingan.

O‘tayev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, 7232 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni kompensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklangan.

Mavzuga oid