Jahon | 23:29 / 08.08.2024
3163
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya badavlat xorijliklarning chet eldan keladigan daromadlari uchun soliqni ikki barobar oshirdi

Soliqni oshirishga oid qaror 2023 yilda budjet defitsiti YaIMning 7,4 foiziga yetgani fonida qabul qilingan.

Foto: Bloomberg

Italiya hukumati mamlakatdagi yangi soliq rezidentlari uchun xorijiy daromadlar bo‘yicha yillik qat’iy belgilangan soliq miqdorini 100 ming yevrodan 200 ming yevrogacha oshirishni tasdiqladi, deb xabar beradi Financial Times.

Ushbu qaror badavlat insonlarning mamlakatga kelishi oqibatida ko‘chmas mulk va yashash uchun kerakli boshqa vositalar narxining keskin oshib ketishi natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatishga qaratilgan.

Italiya hukumati mazkur qadam soliq tushumlarining oshishi va budjet defitsitining oldini olishga xizmat qilishiga umid bildiryapti, bu Yevropa Ittifoqining Italiya davlat moliyasi bilan bog‘liq xavotirlarini kamaytiradi. Rim o‘tgan yili YaIMning 7,4 foiziga yetgan budjet defitsitiga (bu Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan 3 foizga ko‘p) chora ko‘rishni istamoqda.

Yevroittifoq prognozlariga ko‘ra, 2024 yilda Italiyada budjet defitsiti YaIMning 4,4 foizini tashkil etadi — shunda ham bu maqsadli ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Iyul oyida Bryussel respublikadan sentabr oxiriga qadar budjetga kiritiladigan tuzatishlar bo‘yicha rejani taqdim etishni talab qilgan.

Oxirgi bir necha yillar davomida Italiya soliq imtiyozlari sabab o‘ta badavlat insonlar uchun qulay joyga aylangan edi, bu boradagi qaror 2016 yilda ziyoli qatlamning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Ushbu sxema orqali Italiyaning yangi soliq rezidentlari yoki to‘qqiz yil xorijda yashab yurtiga qaytgan italiyaliklarga xorijdan oladigan har qanday turdagi daromadiga 100 ming yevro miqdorida yagona soliq to‘lashni nazarda tutadi. FT hisob-kitoblariga ko‘ra, bu kamida 2,73 ming multimillionerning Italiyada yashashni tanlashiga sabab bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid