Jahon | 22:42 / 09.08.2024
6429
4 daqiqa o‘qiladi

Fizik ayol o‘z kashfiyotidan 75 yil o‘tgach doktorlik unvonini oldi

Rozmari Hempson Braun yangi zarrachani 1948 yilda doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotganda kashf etgan edi. Britaniyalik ayol ilmiy ishni himoya qila olmadi: u turmush qurish va farzand ko‘rish uchun fan sohasini tark etdi. 2024 yil iyul oyida 98 yoshli ayol nihoyat doktorlik dissertatsiyasini oldi.

Foto: Freepik

Britaniyalik Rozmari Hempson Braun 1926 yilda tug‘ilgan. Uning maktab yillari Ikkinchi jahon urushi mashaqqatlari soyasida o‘tdi, biroq bu matematika va fizika fanlariga ishtiyoqi baland qizning Bristol universitetiga o‘qishga kirishiga to‘sqinlik qilmadi. 21 yoshida u birinchi darajali imtiyozli diplom oldi, deb yozdi Forbes.

Shundan so‘ng, Rozmari elementar zarralarni o‘rganuvchi mashhur olim Sesil Frenk Pauell tomonidan aspiranturaga taklif qilindi. Bu vaqtga kelib uning jamoasi avval noma’lum bo‘lgan subatom zarrachalar sinfining birinchi namunasi bo‘lgan pi-mezonni (pion) kashf etgan edi. Sesilning boshqa aspirantlari orasida yadro fizikasi otasi Ernest Ruzerfordning nabirasi Piter Fauler ham bor edi. 1948 yilda Piter bilan birgalikda tajribalar o‘tkazar ekan, Rozmari mezonlar guruhidan keyinchalik «kaon» deb nomlangan boshqa zarracha mavjudligining belgilarini topdi. Tadqiqotchilar o‘z xulosalarini Nature jurnalida va boshqa ilmiy nashrlarda chop etishdi. Braunning kuzatishlari elementar zarralar nazariyasining rivojlanishiga kuchli turtki bo‘ldi, xususan, Higgs bozonining mavjudligini taxmin qilish imkonini berdi.

Rozmari Braunning doktorlik dissertatsiyasi katta ilmiy kariyeraning boshlanishi bo‘lishi mumkin edi, ammo 1949 yilda qiz Piter Faulerga turmushga chiqib, fanni tark etdi. Rozmari eriga yordam berishda davom etdi, lekin hech qachon o‘zining dissertatsiyasini tugatmadi.

Rozmarining ilmiy rahbari Sesil Pauell 1950 yilda mezonlarni kashf etgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Piter Fauler ilmiy izlanishlarini davom ettirdi: u birinchilardan bo‘lib aurora hodisasini to‘g‘ri izohladi, onkologiyani davolashda pi-mezonlardan foydalanishni taklif qildi va 1986 yilda Chernobil avariyasining radiatsiyaviy oqibatlarini o‘rgandi. 1974 yilda u kosmik nurlar va zarrachalar fizikasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Hyuz medali bilan taqdirlandi.

Rozmari (Braun) Fauler 2024 yilda 98 yoshga to‘ldi. 75 yil davomida uning ilmiy yutuqlari butun dunyodagi fizik ayollarni ilhomlantirdi. Joriy yilning iyul oyida Rozmari tahsil olgan, ishlagan va inqilobiy kashfiyot qilgan Bristol universiteti unga faxriy doktor unvonini berdi. Universitet rektori, tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Pol Nyors olam tuzilishini tushunishda insoniyat uchun yangi ufqlarni ochgan jiddiy ilmiy yondashuvi va izlanuvchanligi uchun Rozmariga shaxsan minnatdorchilik bildirdi.

Rozmari o‘zini oilasiga bag‘ishlash qarorini pragmatik deb ataydi. Urushdan keyin va 1954 yilgacha Buyuk Britaniyada oziq-ovqat va boshqa zarur tovarlarni faqat taqsimot kartalari orqali olish mumkin edi. Ayol shunday og‘ir sharoitda uch qizini qanday boqish, qanday tarbiyalash haqida o‘ylashi, ilmiy ishlarni unutishi kerak edi. Rozmari va Piterning bolalari tabiiy fanlar sohasida ta’lim olishgan. Meri Fauler, qizlarning eng kattasi, geofizika bo‘yicha kariyerasini davom ettirdi va bir necha yil Kembrijdagi Darvin kollejining rahbari sifatida ishladi. Meri ham iqlim geologi Yuen Nisbet bilan oila qurdi va onasidan farqli o‘laroq fanni tark etishi shart emas edi. Rozmarining nabiralaridan biri Ellen Nisbet mikrobiologiya professori bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida Rozmarining farzandlari, nabiralari va chevaralari ishtirok etishdi. Meri Fauler tomoshabinlarga onasining kashfiyotining ahamiyati haqida gapirib berdi va qo‘shimcha qildi: «Bolaligimdan fizika bilan shug‘ullanishni orzu qilardim: bu juda hayajonli tuyulardi! Ikkala ota-ona ham fizik bo‘lsa, tadqiqot hatto kechki ovqat paytida ham qizg‘in muhokama qilinadi».

Mavzuga oid