Jamiyat | 12:05 / 09.08.2024
7881
2 daqiqa o‘qiladi

“Huquq fanidan test tuzish testologiya qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi” - BMBA mas’uli

Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun abituriyentlarni huquq fanidan test qilishni Adliya vazirligi qayta ko‘rib chiqishi ehtimol to‘g‘ri bo‘ladi, dedi Bilimlarni baholash agentligi rasmiysi Zafarbek Olimov. Uning fikricha, huquqshunoslik tez o‘zgaruvchan fan bo‘lgani uchun undan test tuzish maqsadga muvofiq emas.

Foto: AOKA

Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida huquq fanidan tushgan savollar mavzusi ko‘tarildi. Mas’ullarga aynan huquqshunoslik fanidan test tuzish muammoli emasmi degan savol ham berildi. Buni agentlik boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimbekov quyidagicha izohladi.

Men fanlar doirasiga huquqshunoslik fanini kiritish masalasi muammoli deb hisoblaganman. Chunki testologiyaning qonun-qoidasiga ko‘ra, biz bola o‘qimagan mavzu bo‘yicha unga savol berishimiz mumkin emas. Lekin huquqshunoslik – juda tez o‘zgaruvchi fan. Dastur bo‘yicha bola 9-sinfda boshqa konstitutsiyani o‘qidi, maktabni bitirayotganida konstitutsiya almashdi. U boladan biz eskisini emas, yangi konstitutsiyani so‘rayapmiz-da. Mana shu joyda ham huquqshunoslik fani testologiya qoidalariga zid kelayotganini ko‘rsatyapti. Chunki bola o‘qigan dastur o‘zgarmasa-da, u o‘qigan bilimning mazmuni o‘zgarib ketyapti.

Nima sababdan o‘zgartiryapmiz, chunki qonun hujjatlarida ortga qaytish yo‘q. Bola mana shu qonunni o‘qib o‘qishga kirmasa, kuchdan qolgan yuridik qonunni o‘qishidan unga nima naf? Balki Adliya vazirligi odamlar, ota-onalar, yoshlar o‘rtasidagi ijtimoiy o‘zgarishlarga asoslanib bunga boshqacha yondashishi kerakdir. Bu esa bizning vakolatimizdan tashqaridagi narsa”, – dedi u.

Avvalroq huquq fanidan test topshirgan abituriyentlar Bilimlarni baholash agentligi darslikka kiritilmagan savollardan foydalangani, testlarda to‘g‘ri javoblar soni bir nechta ekani, imtihondagi testlar namunaviy testlardan farq qilganidan shikoyat qilishgan edi.

Mavzuga oid